#mulohaza_uchun
⏱ VAQTNI MUNOSIB TAQSIMLASH – MARRANING YARMI (3-qism)
Ushbu maqolaning 1-qismi | 2-qismi
Yomon, zararli odatlardan voz keching.
Illatlar – vaqtimizni behuda sarflashga sabab bo‘ladigan omillar. Elektron o‘yinlarga mukkasidan ketish, uzundan-uzun suhbatlar va boshqa zararli odatlarimiz bilinar-bilinmas hayotimizning muhim qismini o‘g‘irlab qo‘yadi.
Hayotda maqsadga erishishga jiddiy kirishgan inson bu kabi illatlardan o‘zini xalos qilishi kerak.
Kechki payt ertangi ishlarni yozib qo‘ying.
Kechqurun yoki idorani tark etishdan avval ertaga qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarni qayd etishni unutmang. Buning uchun kundalik, haftalik yoki oylik maqsad-rejalarga diqqat qiling. Ular sari sizni olib boradigan navbatdagi qadamni belgilab oling va ertangi ish rejasiga kiriting. Bu vaqtni oladi, albatta. Biroq vaqt ajratish uchun arzirli jarayon. Unutmang: uzoq muddatli va katta maqsadga bizni kundalik harakatlar olib boradi.
Sevimli mashq yoki xobbi uchun vaqt ajrating.
Kechki payt yoki dam olish kunlari o‘zingiz qiziqqan mashg‘ulot uchun vaqt ajrating. Kitob o‘qing, o‘rganing va izlaning.
Amerikalik yozuvchi Entoni Robbins shunday degan edi: “Agar har kuni bir soat vaqtingizni biror sohaga oid bilimlar olishga sarflasangiz, bir yil o‘tib, siz bu borada jahondagi qolgan 99,999% mutaxassislardan ko‘proq bilimga ega bo‘lasiz”.
Ota-onangiz, farzandingiz va oilangizga vaqt ajrating.
“The Economist” nashriga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda bir kunda onalar 110 daqiqa, otalar 59 daqiqa vaqtlarini farzandlari uchun sarflashadi. Ruhshunoslarning fikricha, bu yetarli vaqt emas.
“The Guardian” nashrida yozilishicha, farzand va ota-ona o‘rtasida aloqalarning mustahkamligi farzandning o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib, ota-onaning ijobiy kayfiyatda yurishi uchun xizmat qilar ekan. Qolaversa, farzand bilan ko‘proq muloqotda bo‘lish tavsiya etiladi:
– farzandga ota-onasidagi ijobiy xulq-atvorni o‘zlashtirish;
– ota-onaga farzandining kuchli va zaif tomonlarini aniqlash, muammolarini bilishga yordam beradi.
Keksalikda yolg‘izlanib qolmaslik uchun hozirdan farzandingizdan vaqtingizni qizg‘anmang.
Baxtiyor oilalar o‘rtasida tadqiqotlar o‘tkazilganda, bir haqiqat ayon bo‘lgan: baxtli oilalarda an’analar ko‘p ekan. Misol uchun, dasturxon atrofida birga ovqatlanish, dam olish kunlari oilaviy sayrga borish, tug‘ilgan kunlarni va bayramlarni, qadrdon sanalarni nishonlash. Siz ham bunga amal qiling, buning uchun vaqt ajrating.
Odamlar uchun ham vaqt ajrating.
Bu dunyoda barcha odamlar bir-birlariga daxldor. Kimningdir baxtsizligi uchun oxir-oqibat biz ham mas’ulmiz. Shu bois yon-atrofingizdagi odamlarga befarq bo‘lmang, ularga yaxshilik qiling va yordam qo‘lini cho‘zing. Ya’ni qimmatli vaqtingizning bir qismini yaxshilikka sarf qiling.
Boshiga mashaqqat tushgan, eng og‘ir damda ham boshqalarga yaxshilik qila oladigan va mehr-oqibat ko‘rsatgan odam o‘zining ham, boshqalarning ham xaloskoridir.
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #6437
4.38K