Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti “THE World University Rankings–2027” xalqaro reytingida dunyoning TOP–700 talik oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan joy oldi
Buyuk Britaniyaning nufuzli Times Higher Education (THE) reyting agentligi tomonidan e’lon qilingan “World University Rankings–2027” global baholash natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dunyodagi yetakchi universitetlar orasida 651–700-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Ushbu akademik muvaffaqiyat universitetning jahon oliy ta’lim makonidagi mavqeini yanada mustahkamlab, uni global miqyosdagi OTMlarning yuqori uchdan bir qismi hamda Markaziy Osiyo mintaqasidagi kuchli uchta ta’lim muassasasi qatoriga olib chiqdi.
Times Higher Education World University Rankings baholash tizimi xalqaro akademik hamjamiyatda oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati sifatini xolis va shaffof belgilab beruvchi nufuzli mezonlardan biri hisoblanadi. Universiteting faoliyati 5 ta asosiy institutsional yo‘nalish - ta’lim sifati, tadqiqot muhiti, tadqiqotlar sifati, sanoat va tarmoqlar integratsiyasi hamda xalqaro hamkorlik va ko'rsatkichlar bo‘yicha har tomonlama tahlil qilindi.
E’lon qilingan xalqaro ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasidan ushbu global reytingga jami 8 ta oliy ta’lim muassasasi kiritilgan bo‘lib, TDIU mamlakatimiz bo‘yicha TOP-700 talik qatoridan joy olgan ikkita yetakchi universitetning biri sifatida e’tirof etildi.
Erishilgan ushbu natija so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida oliy ta’lim tizimini isloh qilish, akademik mustaqillikni ta’minlash hamda milliy ta’lim tizimini global integratsiyaga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan maqsadli va ustuvor chora-tadbirlarning amaliy samarasidir.
📰
–
Xalqaro akademik hamjamiyat tomonidan berilgan ushbu yuksak e’tirof universitetimiz professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari va iqtidorli talabalarining hamjihatlikdagi tizimli faoliyati hamda fidokorona mehnati mahsulidir. Bizning muhim maqsadimiz universitetning ilmiy-tadqiqot salohiyatini izchil oshirish, ilg‘or xalqaro ta’lim standartlarini amaliyotga keng joriy etish va TDIUni dunyoning eng nufuzli iqtisodiy ta’lim hamda ilm-fan markazlaridan biriga aylantirishdan iboratdir, – deya qayd etib o’tdi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor To‘lqin Teshabayev.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti jamoasi xalqaro akademik integratsiyani chuqurlashtirish, ta’lim va ilmiy faoliyat sifatini yanada yuksaltirish hamda belgilangan strategik marralarga erishish yo‘lida izchil va tizimli faoliyatni davom ettiradi.
🇺🇿 TDIU Axborot xizmati
🚀Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rasmiy telegram kanali: @tsueuzofficial
