Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida “BASF Markaziy Osiyo” kompaniyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.
Muzokaralarda BASF kompaniyasining kimyoviy mahsulotlari va texnologik yechimlarini mahalliy korxonalar negizida ishlab chiqarish, xususan, tog‘-kon va metallurgiya sanoati uchun flotatsiya reagentlari, maxsus kimyoviy moddalar va yordamchi materiallarni mahalliylashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Mahalliy xomashyo va mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish, texnologiya transferi hamda ishlab chiqarishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, qo‘shma korxona, kontrakt yoki tolling asosida tashkil etish variantlari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Markaziy Osiyo bozorlariga eksport qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida Agentlik tomonidan respublikada ishlab chiqarish tavsiya etilayotgan 20 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulot bo‘yicha loyiha tizerlarini BASF kompaniyasiga taqdim etish belgilandi.
BASF mazkur takliflar orasidan o‘z texnologik yo‘nalishlariga mos loyihalarni mintaqaviy va global biznes bo‘linmalari bilan ko‘rib chiqadi. Manfaatdorlik bildirilgan loyihalar bo‘yicha alohida texnik muzokaralar o‘tkaziladi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin



