Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Energetika vazirligi hamda "O‘zkimyosanoat" AJ mutaxassislari 4–7-iyul kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, shamol energetikasi uchun zarur uskunalar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida delegatsiya shamol energetikasi sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri — Goldwind Science & Technology Co., Ltd. bosh qarorgohida bo‘lib, kompaniyaning qayta tiklanuvchi energetika, energiya saqlash tizimlari (BESS), "yashil" vodorod va "yashil" metanol yo‘nalishlaridagi zamonaviy yechimlari, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda global loyihalarni boshqarish tajribasi bilan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya Sinoma Lianyungang Blade Factory korxonasida shamol turbinalari uchun 100 metrdan ortiq kompozit parraklar ishlab chiqarish jarayoni, sinov markazlari va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘rgandi. Bundan tashqari, Xitoyning eng yirik shisha tolasi va kompozit materiallar ishlab chiqaruvchilaridan biri — Taishan Fiberglass Inc. (CTG) faoliyati bilan tanishilib, shamol energetikasi uchun zarur xomashyo va yuqori texnologiyali materiallar ishlab chiqarish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi.
🤝 Tashrif yakunlari bo‘yicha 2027-yilda O‘zbekistonda shamol turbinalari parraklarini ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish hamda ushbu mahsulotlar uchun zarur komponentlarni bosqichma-bosqich mahalliylashtirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Mazkur tashrif qayta tiklanuvchi energetika sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, mahalliy ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin





