Bugun taqvimda Yoshlar bayrami.
Tabrigim — jamiyat qoliplaridan biroz tashqari, oʻziga yoqqan kiyimini kiyib olgan, koʻplarga tushunarsiz musiqalar eshitadigan, andegraundda yurgan, lekin shundoq yonimizda real ishlarni qilib tashlayotgan yoki oʻz vaqtini kutayotgan yoshlarga. Biz turlichamiz: kimgadir sahnalar yoqadi, kimdir esa qorong'u burchakda turib mamlakatni u yoki bu sohada olg‘a siljitadi.
Bu tabrik — hech qanday e’tiroflarni kutmay, kechalari kod yozayotgan dasturchiga, chekkada kitob ulashayotgan fidoyiga, stereotiplarni sindirib, ming qarshiliklarga qaramay mural chizayotgan yoki bir darveshsifat shoir, koʻp tillarni biladigan sochi uzun bir futbol jurnalistiga yoki chopon bilan krossovka kiyib olgan suratkashga. Siz katta tadbirlarni xush koʻrmassiz, matritsa sizga shubha bilan qarar va kurashlar uchun sizni yetarlicha kuchli deb bilmas, lekin aynan shular va e’tibordan xoli andegraund muhit odamni haqiqiy pankka, yengilmas va mustaqil kuchga aylantiradi.
Biz har xilmiz (kimdir bir tadbir uchun kostyum-shim kiygani bilan, aslida ijodkor-isyonkor ruhli yoshdir) va aynan shu xilma-xilligimiz bilan O‘zbekistonni rivojlantiryapmiz. Hayotni qarsaklar emas, siz kabi o‘z maqsadi sari jimgina, sabr va ehtimol birooozgina xorgʻinlik bilan harakat qilayotganlar olg‘a yetaklaydi. O‘z ustingizda ishlashdan, har kuni yangi bilim olishdan va o‘z aqldan ozgan g‘oyangizga ishonishdan to‘xtamang.
Bayramimiz (oʻzi aslida har kun bayram) muborak bo‘lsin, ichki intizom va sokin shijoat egalari! O‘zingizni va atrofni o‘zgartirishdan charchamang. Bugungi ko‘rinmas mehnatingiz ertaga eng mustahkam poydevorga aylanadi. Yoʻlingiz yorugʻ boʻlsin. Suratdagi kabi oʻz bilganingizcha uching, samimiyatni va boshqalar nazdida axmoqona sanalgan gʻoyangizga ishonchni soʻndirmang!
Surat: “Majnun” (Jontemir) by Behzod Boltayev
@mirzodanmaktub
Post #1236
328
