8-QISM.DUGONA“Mavhum, bu senmisan? Nargizaman. Yangi raqamim shu. Seniki haliyam o‘sha ekan.”
Mavhumaxon bu kim ekan deb, unga yozgan ayolning profilini ochdi. Rasmda bir dasta gul, ism o‘rnida esa bitta harf. Nargizani shundan qanday tanisin? Dugonasi bilan anchadan beri gaplashmagandi. Oxirgi safar “bir kuni bemalol o‘tirib gaplashamiz” deyishgan, o‘sha kun esa kelmagan edi.
Mavhumaxon qo‘ng‘iroq qildi.
— Nargiza, o‘zingmisan? Qayerlarda yuribsan?
— O‘zim shu yerdaman. Seni reklamadan topyapmiz endi!
Dugonasining kulgisini eshitib, Mavhumaxon ham kuldi.
— Qanaqa reklama, o‘zim ham hozir ko‘rib turibman.
— Bir qarashda tanimadim. Keyin yuzingni kattalashtirdim. Qarasam sen! Voy, buncha ozib ketibsan, rostdanam rasmdagi o‘zingmi?
Mavhumaxon stuliga qulayroq o‘tirib oldi. Nargiza bilan gaplashganda o‘zini ishxonadagi Mavhumaxon opadek his qilmasdi.
— O‘zing yaxshimisan? Uydagilar tinchmi? — dedi, Mavhumaxon.
— Tinch. Hozir sen gapni burma. Shu kursga qachon borganding?
— Uch yil oldin.
— Shunaqa deyishyapti. Men ishonmay turgandim. Seni ko‘rib, ko‘nglim joyiga tushdi. Begona odamning suratiga ishonish boshqa, o‘z dugonang boshqa-da.
Mavhumaxonning tabassumi sekin yo‘qoldi.
— Sen ularga yozdingmi?
— Pulini ham tashladim.
U stulida to‘g‘rilanib o‘tirdi.
— Qachon?
— Hozir. Avval ham ko‘rib yurgandim. Lekin yana pulga kuymay deb... Seni ko‘rganimdan keyin yozildim. Keyin senga yozdim.
Mavhumaxon stol ustidagi ruchkani oldi. Qopqog‘ini ochib, yana yopdi.
— Nargiza, men o‘sha marafondan keyin yana semirganman.
Narigi tomondan ovoz kelmadi.
— Hozirgi rasmim kechagi. Olti haftadan beri o‘zim harakat qilyapman. Ularning bunga aloqasi yo‘q.
— Unda nega seni qo‘yishibdi?
— Bilmayman. Hozir olib tashlanglar deb yozayotgandim.
— Men esa seni rosa maqtadim ularga. “Bu mening dugonam, tanimaydigan odamim emas”, dedim.
Mavhumaxon ruchkani stolga qo‘ydi.
— Pulimni qaytarishni so‘rayman, — dedi Nargiza. — Boshlanmagan hali.
— So‘ra. Men ham gaplashaman.
Qo‘ng‘iroq tugagach, Mavhumaxon kuratorga yozgan talabini yubordi. Keyin kutib o‘tirmay, o‘zi telefon qildi.
Kurator avval tabrikladi. Keyin surat yoqmagan bo‘lsa, boshqasiga almashtirishlarini aytdi.
— Suratni profilimga kecha qo‘ygandim, — dedi Mavhumaxon. — Lekin men uch yil vaznimni saqlamaganman. Dugonam shuni ko‘rib sizlarga pul to‘labdi.
— Opa, bizda ozganingiz rost-ku.
— Rost. Lekin qolganini sizlar bilmaysizlar. Iltimos, olib tashlang.
Kurator rozi bo‘ldi. Birozdan keyin post yo‘qoldi. Mavhumaxon o‘z hikoyasini ochdi. Kechagi rasmi o‘sha yerda turardi. Uni o‘chirmadi.
Nargiza yana telefon qildi. Pulini qaytarish masalasini gaplashayotgan ekan.
— Seni ham ovora qildim, — dedi dugonasi.
— Ovora qilganing yo‘q.
— Shuncha vaqtdan beri gaplashmay, yana ozish deb topishdik-a.
— Bugun ishdan keyin ko‘rishaylik, — dedi Mavhumaxon. — Oldingga boraymi?
— Bugunmi?
— Ha. Nima, yana “biror kuni” deymizmi?
— Keyinroq ko‘risharmiz.
— Ishing bormi?
— Yo‘q... Ancha semirib ketdim, Mavhum. Rasmlaringni ko‘rib, hech bo‘lmasa sen eplabsan, deb xursand bo‘lgandim.
— Men hozir senga aytdim-ku...
— Bilaman. Lekin bir oz ozib olay. Keyin o‘zim chaqiraman.
Mavhumaxon telefonidagi bir dasta gulga qarab qoldi. Keyin saqlangan xabarlarini ochdi. Doktor Feruzning kanalidan olib qo‘ygan qisqa xabarini topib, dugonasiga yubordi:
“16-sentyabr kuni shu yerda bo‘ling. Sizga aytadigan gapim bor.”
— O‘n oltisida birga ko‘ramiz, — dedi Mavhumaxon.
— Nima ekan?
— Hali aytmagan. O‘zim ham bilmayman.
— Esar bo‘lib qolganman, o‘sha kuni yana eslatgin. Balki ko‘risharmiz. Semirib ketganimga tanishlarim bilan uchrashishga hijolat bo‘lyapman. Tunov kuni Fotini ko‘rgandim, buncha semirib ketibsan, degandan beri ko‘chaga chiqolmayman.
— Men seni yaqin dugonangman, hijolat bo‘lma. Menda ham shunaqa holatlar bo‘lgan. Yaqin olib aytgandirda.
— Mayli. Unda, telefon qilgin. Yangi raqamimni saqlab qo‘y, — shoshilibroq gapirdi Nargiza.
— Nargiz, choying bo‘lsa bo‘ldi.
— Bor, bor. Kelaver. Kutaman.
Mavhumaxon kalendarni ochib, 16-sentyabrga yozib qo‘ydi: “Nargizanikiga”.
8-qism tugadi.@doctorferuz