Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi Sh.Salixov “SUS ENVIRONMENT SAMARKAND” kompaniyasida boʻlib, investitsiyaviy loyihalari bilan tanishdi
Investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularning faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni bartaraf etish maqsadida boshqarma boshligʻi ushbu korxonada boʻldi.
Qiymati 150 million AQSh dollariga teng mazkur loyiha chiqindilarni termik usulda qayta ishlash va jarayonda hosil boʻladigan energiyadan elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Oʻrganishlar davomida loyiha doirasidagi qurilish ishlarining 80 foizi yakunlangani, obyektni 2026-yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgani maʼlum boʻldi.
Muloqot davomida kompaniya rahbariyati loyihani belgilangan muddatlarda amalga oshirish bilan bogʻliq ayrim masalalarni bildirdi. Xususan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligidan zarur xulosalarni olish, internet va aloqa sifatini yaxshilash, elektr tarmogʻiga ulanish hamda korxonaga olib boruvchi transport infratuzilmasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur masalalar yuzasidan masʼul tashkilotlar bilan hamkorlikda yechim topish, investorga zarur koʻmak koʻrsatish va loyihaning oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash boʻyicha tegishli choralar belgilandi.
Loyihaning ishga tushirilishi nafaqat chiqindilarni qayta ishlash hajmini oshirish, balki ulardan elektr energiyasi ishlab chiqarish orqali ekologik va iqtisodiy samaradorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.





