Bugun Bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazida qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalarni aniqlash yo‘nalishiga qaratilgan mintaqaviy o‘quv-treningga start berildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondan tashrif buyurgan mutaxassislar, shuningdek Germaniya va Buyuk Britaniyadan jalb etilgan ekspertlar hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) ning mintaqaviy vakillari ishtirok etmoqda.
O‘quv-trening YEXHT tomonidan “O‘zbekistonning Afg‘onistondan kelib chiqayotgan transchegaraviy tahdidlarga qarshi barqarorligini mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Dastur nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, ishtirokchilar xizmat itlari yordamida qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalarni aniqlash, turli sharoitlarda qidiruvni tashkil etish hamda amaliy tajriba almashish bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashadilar.
Shuningdek, ishtirokchilar Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Markaz bo‘ylab tashkil etilgan tanishtiruv davomida ularga xizmat itlarini tayyorlash jarayoni, mashg‘ulotlarni tashkil etish tartibi, xizmat itlarini saqlash va parvarishlash uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud infratuzilma haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘quv-trening 9-oktabrga qadar davom etadi.







