Navoiy viloyati bojxona boshqarmasida surishtiruv faoliyatini raqamlashtirish, protsessual jarayonlarni soddalashtirish hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi PF–250-son Farmoni ijrosi doirasida boshqarmada zamonaviy talablar asosida jihozlangan “Maxsus surishtiruv xonasi” foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i A.Axlimirzayev, bojxona xodimlari hamda Navoiy viloyati prokurorining katta yordamchisi A.Teshayev ishtirok etdi.
Mazkur maxsus xona surishtiruv va tergovga qadar tekshiruv jarayonlarini zamonaviy texnik vositalar asosida tashkil etish, protsessual harakatlarni belgilangan tartibda qayd etish hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Xonada so‘roq qilish, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish kabi protsessual harakatlarni o‘tkazish, shuningdek, videokonferensaloqa orqali masofaviy ishtirokni taʼminlash uchun barcha zarur texnik imkoniyatlar yaratilgan. Barcha jarayonlar audio va videoyozuv orqali qayd etilib, ularning shaffofligi, xolisligi hamda qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Mazkur tashabbus bojxona organlarida surishtiruv faoliyatini raqamlashtirish, inson huquqlarini taʼminlash va huquqni muhofaza qilish sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.




