Poytaxt aeroportida "Iphone 18" ni yashirincha olib kirishga urinishlar fosh etildi
Amaldagi tartiblarga ko‘ra, jismoniy shaxslarga o‘z ehtiyojlari uchun 2 donagacha mobil qurilmalarni olib kirishlariga ruxsat etiladi.
Bunda mobil qurilmalarning qiymati jismoniy shaxslar uchun tovarlarni bojsiz olib kirish meyoridan oshsa, oshgan qismiga tovarning 30 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Eng muhimi, jismoniy shaxslar tomonidan chetdan olib kirilayotgan mobil qurilmalar albatta yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart! Chunki, ayni shu deklaratsiya keyinchalik mobil qurilmani UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazishda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Afsuski, poytaxtimiz aeroportida mazkur qoidalarga rioya qilmasdan turib, mobil qurilmalarni noqonuniy ravishda olib kirishga urinishlar ko‘zga tashlanmoqda.
“Toshkent xalqaro aeroporti” chegara bojxona xodimlari tomonidan 20-22 sentabr kunlari davomida Dubaydan uchib kelgan 3 nafar yo‘lovchilar 8 dona yangi “Iphone 18” hamda 6 dona “Iphone 17” rusumidagi zamonaviy smartfonlarni yashirincha olib kirishga urinishgan.
Bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovida va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ma’lum qilinmagan mazkur mobil qurilmalarning jami qiymati 227 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.
Raqamlarga ko‘ra, “Toshkent-AERO” IBK tomonidan yil boshidan buyon qiymati 7,8 mlrd so‘mlik 162 dona mobil qurilmalarning noqonuniy olib kirilishi oldi olingan.
Shu o‘rinda yana bir mulohaza – bojxona nazoratidan yashirincha olib kirilgan mobil qurilmalar uchun keyinchalik UZIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazish davomida baribir yagona bojxona to‘lovini to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Telefonni deklaratsiyalab olib kirganda, tovarni bojsiz olib kirish meyoridan oshgan qismi uchungina yagona bojxona to‘lovi undirilsa, noqonuniy ravishda olib o‘tilgan telefonlarda esa telefonning to‘liq qiymatidan 30 foiz to‘lov undiriladi.
Shunday ekan, xorijdan qaytayotgan fuqarolardan o‘zlari bilan olib kirayotgan mobil qurilmalarni albatta yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishlarini so‘raymiz va bu eng avvalo o‘zlari uchun foydali ekanligini eslatib o‘tamiz.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.



