Yaponiya poytaxti Tokio shahrida Yaponiya Xalqaro Hamkorlik Agentligi (JICA) tomonidan "Davlat boshqaruvida inson resurslari menejmenti" (Governmental Human Resource Management) mavzusidagi xalqaro o'quv-amaliy dastur — Bilim yaratish hamkorligi dasturi (Knowledge Co-Creation Program) tashkil etildi.
Unda turli mamlakatlarning davlat organlari vakillari, jumladan Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili ishtirok etib, davlat xizmatida kadrlarni tanlash, baholash, mukofotlash hamda malaka oshirish tizimlarini takomillashtirish bo'yicha Yaponiya tajribasini o'rgandi. Dasturda dunyoning 14 ta davlatidan kelgan davlat xizmatchilari qatnashdi.
Dasturdan Yaponiyaning davlat xizmati tizimi va uning tarixiy evolyutsiyasi, Milliy kadrlar boshqarmasi (NPA) faoliyati va uning mustaqil maqomi, davlat xizmatchilarini tanlash va ishga qabul qilish mexanizmlari, ish faoliyatini baholash tizimi, mehnat sharoitlari va ijtimoiy ta'minot, davlat xizmati odob-axloq kodeksi hamda intizomiy javobgarlik tizimi, shuningdek malakali kadrlarni saqlab qolish (retention management) bo'yicha zamonaviy yondashuvlar kabi dolzarb masalalar o'rin oldi.
Sidzuoka prefekturasidagi Fudzi shahar hokimligida muhandis-texnik xodimlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish tizimi, "Cybozu Inc." kompaniyasida moslashuvchan mehnat siyosati orqali amalga oshirilgan islohotlar bilan bevosita tanishildi.
Bu kabi xalqaro dasturlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmoni doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, milliy kadrlar zaxirasini shakllantirish va natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish uchun muhim tajriba maydoni bo'lib xizmat qiladi.
Rasmiy sahifalarimiz
Veb-sayt|Telegram|Facebook|Instagram|You Tube|X|in|Aloqa






