Iksmi yoki eks?
Matematikadagi x belgisini eks tarzida talaffuz etish uchrab turadi. Talaffuzdagi xato baʼzan yozuvga ham koʻchib oʻtishi mumkin. Belgi nomining toʻgʻrisi – iks.
Iks soʻzi oʻzbek tilida ikki xil maʼnoni anglatadi:
1️⃣ Lotin alifbosida oxiridan uchinchi harf – x ning nomi.
2️⃣ Matematikada: shu harf bilan ifodalangan nomaʼlum miqdor.
Iks soʻzi matematikadan boshqa fanlarda ham ishlatiladi. Masalan, fizikada rentgen nurlari iks nurlar deb ham ataladi.
Iks soʻzining qiziq tarixi bor.
Nomaʼlum miqdorni harf bilan ifodalashni Sharq matematik olimlari, xususan, Al-Xorazmiy fanga olib kirgan. Ular buni arabcha shay (شيء) – narsa, buyum soʻzining bosh harfi – shin (ش) bilan ifodalaganlar.
Arab tilidagi matematik asarlar Ispaniyaga yetib borgach, tarjimonlar arabcha shin (sh) harfini oʻsha davrdagi qadimgi ispan tilida sh tovushini beruvchi x harfiga oʻgirganlar. Keyinchalik bu asarlar ispanchadan Yevropaning boshqa tillariga tarjima qilingach, lotincha x belgisi oʻzgarishsiz qolgan. Fanda bu belgining aynan noma'lum miqdor sifatida mutlaq ommalashishi esa fransuz matematigi Rene Dekart nomi bilan bogʻliq. U 1637-yilda yozgan asarida nomaʼlum miqdorlar uchun alifbo oxiridagi x, y, z harflarini ishlatishni qoida sifatida kiritgan.
Bu harf ingliz tilida eks deb ataladi. Lekin oʻzbekchada matematika va boshqa fanlarda lotincha harf nomi – iks qoʻllanadi. Amaldagi oʻzbek lotin alifbosida esa bu harf xa deb nomlangan.
X belgisi rim raqami sifatida 10 sonini anglatadi.
@oriftolib | Sahifalarimiz
Post #419
1.09K
