💠 Joriy yilning 24-sentyabr kuni Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan AQSh Davlat departamentining Xalqaro giyohvand moddalar va huquqni muhofaza qilish masalalari byurosi ko‘magida O‘zbekistonda amalga oshirilgan qo‘shma loyiha yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Loyiha doirasida IHTT tomonidan berilgan tavsiyalarni O‘zbekistonda amalga oshirish bo‘yicha xalqaro ekspertlar tomonidan beshta ustuvor yo‘nalishdan iborat amaliy qo‘llanmalar va tavsiyalar ishtirokchilarga taqdimot qilindi.
Xususan, ushbu qo‘llanmalar "Korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish", "Sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash", "Korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik mexanizmlarini takomillashtirish", "Biznesda halollikni ta’minlash" hamda "Davlat xaridlari tizimida korrupsiyaning oldini olish" kabi dolzarb masalalarni qamrab olgan.
Mazkur materiallarni tayyorlash doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida IHTT ekspertlari, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul davlat idoralari, huquqni muhofaza qilish organlarining rahbar va mutaxassislari, oliy ta’lim muassasalari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida tematik muhokamalar tashkil etildi.
Tadbirda ushbu amaliy qo‘llanmalar taqdimot qilinib, ularda nazarda tutilgan xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajriba va milliy tizimni takomillashtirishga qaratilgan aniq tavsiyalar xorijiy hamda mahalliy expertlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va mahalliy amaliyotga keng joriy qilish, shuningdek, tegishli soha va yo'nalishlarda korrupsiyani barvaqt aniqlash hamda korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini yana-da kuchaytirish masalalariga qaratildi.
Muhokamalar yakunida mas’ul davlat organlari hamda ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilgan tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, zarur qonunchilik va institusional mexanizmlarni yanada takomillashtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha kelgusi amaliy qadamlar belgilab olindi.
Alohida ta'kidlash joizki, mazkur tadbirda “Olmaliq KMK”AJning vakili - Kombinat Markaziy apparat Komplayens boʻlimi boshlig'i - Bosh komplayens nazoratchi - Sh. Jo‘rayev ham faol ishtirok etdi.
📱Web-site|📱YouTube|📱Facebook|📱Telegram|📱Instagram|📱 X


