🎗🎗🎗🎗🎗🎗
Ilmga bag‘ishlangan umr: Andijon davlat universitetida akademik Po‘lat Habibullayev xotirlandi
Andijon davlat universitetida butun umrini ilm-fan va ta’lim rivojiga bag‘ishlagan, yosh avlod kamoloti yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, boy ilmiy merosi va ibratli hayot yo‘li bilan universitet tarixida o‘chmas iz qoldirgan ustoz va olimlarning xotirasini e’zozlash, ularning ilmiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish an’anasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugun, 15-oktyabr kuni universitetda atoqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Po‘lat Habibullayev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan uning sermazmun hayot yo‘li, ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi va boy ilmiy merosini yodga olishga bag‘ishlangan xotira anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tantanali anjumanni universitet rektori, professor Baxtiyorjon Akbaraliyev ochib berib, o‘z nutqida akademik Po‘lat Habibullayevning ilm-fan rivoji, mamlakat ilmiy salohiyatini yuksaltirish va yosh avlodni ilm-ma’rifat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi xizmatlariga alohida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, olimning ibratli hayot yo‘li, ilmiy faoliyati va qoldirgan boy merosi bugungi avlod uchun muhim ma’naviy hamda ilmiy maktab ekanini ta’kidladi.
Anjuman davomida akademik Po‘lat Habibullayevning hayoti va serqirra ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Shuningdek, olimlar va professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalari tinglanib, unda allomaning ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ilmiy izlanishlari hamda uning merosini o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazishning ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Mazkur xotira anjumani atoqli olimning boy ilmiy merosini e’zozlash, uning hayot va faoliyat yo‘lini yosh avlodga namuna sifatida yetkazish, shuningdek, ilm-fan fidoyilariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish borasida muhim ahamiyat kasb etdi.
⭐️ Bizning rasmiy sahifalarimiz
⭐️ Veb−sayt ⭐️ Telegram
⭐ Facebook ⭐️ Instagram
Post #67256
1.77K








