Rasmda Xitoyning XCMG yirik sanoat kompaniyasi (dunyoda 3-o’rin) tomonidan ishlab chiqarilgan XDE440 rusumli ulkan karyer samosvali, tog’-kon sanoati uchun mo’ljallangan og’ir yuk tashuvchi texnika tasvirlangan. U yirik ochiq konlarda bir martada taxminan 440 tonna yuk hajmdagi tog’ jinslarini tashish uchun ishlatiladi. Bu va shunga o’xshash texnikalardan kuniga yuzlab ishlab chiqariladi.
Bugun biz ushbu sanoat kompaniya bilan qo’shma ta’lim dasturi tashkil qilib, Mexanika muhandisligi bo’yicha bir guruh talabalarimizni Xitoyga bilim olish uchun yubordik. Xitoyda bilim va tajriba orttirayotgan bu talabalarimiz ertaga yurtimiz sanoatining rivojiga hissa qo‘shadigan, murakkab texnik muammolarga yechim topadigan, xalqaro mehnat bozori talablariga mos yangi texnologiyalar va zamonaviy mashinalar yaratadigan YETUK MUHANDISLAR bo‘lib yetishadilar.
Umid qilamizki, vaqti kelib ushbu talabalarimiz shunday texnikalarni o’zlari yaratadilar, kelajak texnologiyalari uchun yangi g‘oyalarga boshchilik qiladilar.
Hozirda Urganch davlat universitetida yoshlarga zarur bo’lgan nazariy bilimni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish va xalqaro tajribani o‘zlashtirishda yangi imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Unutmang, kelajak tayyor imkoniyatlarni kutib o‘tirganlarga emas, uni o‘z bilimi, mehnati va g‘oyalari bilan yaratadigan yoshlarga tegishlidir!
Ma’lumot uchun, ushbu qo’shma dastur asosida talabalar ikki yil UrDUda, bir yil Xuzhou texnologiya universitetida tahsil oladi. Yakuniy bir yil esa XCMG sanoat korxonasining Xitoy va Xorazmdagi filiallarida dual ta’lim shaklida tashkil etiladi.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube
Post #88405
1.83K


