Taʼlim sohasi fidoyilariga munosib ehtirom ko‘rsatildi
"1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni" bayrami arafasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ta’lim tizimida uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib, yosh avlodga puxta bilim va tarbiya berib kelayotgan bir guruh faol ustoz va murabbiylarni munosib taqdirladi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimligida ko‘p yillik mehnati, fidoyiligi va kasbiga sadoqati bilan ta’lim sohasida alohida o‘rin tutgan, yoshlar kamoloti va Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan jonkuyar pedagoglar ishtirokida tantanali tadbir tashkil etildi.
Tadbirda viloyat rahbari so‘zga chiqib, jamiyat taraqqiyoti, avvalo, ta’lim va tarbiya sifatiga, bu sharafli vazifani zimmasiga olgan ustozlarning fidoyiligiga bog‘liqligini ta’kidladi. Ustozning mashaqqatli mehnati, bilim va tajribasi, eng muhimi, yosh avlod qalbiga singdirayotgan ezgu qadriyatlari yurt kelajagini belgilashini qayd etdi.
Shundan so‘ng ilk marotaba o‘tkazilgan Respublika “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining Toshkent viloyati bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan pedagoglarga ajratilgan pul mukofotlari vaucherlari tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi.
Marosim davomida ta’lim-tarbiya yo‘nalishida yuqori natijalarga erishib, o‘zining ilg‘or tajribasi, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan hamkasblariga namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh pedagoglar ham turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
Ularning har biri — nafaqat dars berayotgan, balki o‘quvchilar qalbiga ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat, ezgulikka intilish tuyg‘ularini singdirayotgan fidoyi insonlardir.
Zero, ustoz mehnatining haqiqiy qadri — u tarbiyalagan avlodning yutuqlarida, bergan ta’limining samarasida, mamlakat kelajagiga qo‘shgan hissasida namoyon bo‘ladi.
✅Telegram 🌐Website 📹YouTube✅Facebook 🕊Twitter🌐Instagram









