➡️ Toshkent shahar hududiy Kengashi qamrovida 98 ta oliy ta’lim tashkiloti mavjudligi, ularning shaharning turli hududlarida joylashgani hamda yoshlar yetakchilari bilan yanada yaqin va samarali hamkorlikni tashkil etish zarurati O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar hududiy Kengashi tomonidan yangi tashkiliy yondashuvni joriy etishni taqozo etmoqda.
📌 Shu maqsadda oliy ta’lim tashkilotlaridagi boshlang‘ich tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan "Hududiy koordinatorlar instituti" modeli tashkil etilmoqda.
📍 Mazkur tizim doirasida 98 ta oliy ta’lim tashkiloti hududiy joylashuvidan kelib chiqib, 9 ta hududiy guruhga birlashtirildi hamda 10 nafar yoshlar yetakchisi hududiy koordinator etib belgilandi.
📌 Yangi tizimga ko‘ra, tegishli hududdagi tayanch oliy ta’lim tashkilotining yoshlar yetakchisi hududiy koordinator vazifasini bajaradi. U o‘ziga biriktirilgan oliy ta’lim tashkilotlari yoshlar yetakchilarining o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtiradi, istiqbolli tashabbuslarni birlashtiradi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadi.
🙋 Hududiy koordinatorlar sifatida Uchtepa va Chilonzor tumanlariga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti yoshlar yetakchisi Abdulaziz Abduraxmanov, Bektemir, Sergeli va Yangihayot tumanlariga Toshkent gumanitar fanlar universiteti yoshlar yetakchisi Muxammadamin Nosirjonov, Mirobod tumaniga Toshkent davlat transport universiteti yoshlar yetakchisi Alisher Eshmatov biriktirildi.
👤 Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 19 ta oliy ta’lim tashkiloti bilan ishlash Geologiya fanlari universiteti yoshlar yetakchisi Ulug‘bek To‘xtayev hamda "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti yoshlar yetakchisi Elbek Tursunkulovga biriktirildi.
🗣 Shuningdek, Olmazor tumaniga O‘zbekiston Milliy universiteti yoshlar yetakchisi Daler Safarov, Shayxontohur tumaniga Toshkent kimyo-texnologiya instituti yoshlar yetakchisi Murodjon Bo‘riyev, Yakkasaroy tumaniga Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yoshlar yetakchisi Surxonbek Xo‘jamurodov, Yashnobod tumaniga Toshkent shahridagi Adju universiteti yoshlar yetakchisi Abduazim Abduvoxidov hamda Yunusobod tumaniga Toshkent davlat yuridik universiteti yoshlar yetakchisi Umarjon Sobirov hududiy koordinator etib belgilandi.
✨ Yangi institut faoliyatining ustuvor yo‘nalishi oliy ta’lim tashkilotlaridagi eng salohiyatli, tashabbuskor va yetakchilik qobiliyatiga ega yoshlarni aniqlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, istiqbolli yosh kadrlarni shakllantirish hamda ularni yirik loyihalarga jalb etishdan iborat.
🖋 Bunda oliy ta’lim tashkilotlarining ixtisoslashuvi, ilmiy va intellektual salohiyatidan kelib chiqib, turli sohalarga oid loyihalarni ishlab chiqish, keng jamoatchilik e’tiborini qozonadigan brend loyihalarni yaratish hamda ularni bir nechta oliy ta’lim tashkiloti hamkorligida amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
➡️ "Hududiy koordinatorlar instituti" modeli Toshkent shahridagi ko‘plab oliy ta’lim tashkilotlarining imkoniyatlarini o‘zaro birlashtirish, yoshlar yetakchilari o‘rtasida doimiy hamkorlik muhitini shakllantirish, eng yaxshi tashabbuslarni shahar va respublika miqyosiga olib chiqish hamda yangi avlod salohiyatli yosh liderlarini tarbiyalashga xizmat qiladi.
🕊Temirov.uz









