Ulugʻ muhaddisga ehtirom
Shu kunlarda qardosh Turkiya Respublikasining qadimiy Yatag‘an shahrida buyuk vatandoshimiz, islom olamining ulug‘ muhaddisi Imom al-Buxoriyning bebaho ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan “Imom Buxoriy merosini o‘rganishning an’anaviy va zamonaviy usullari” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda.
Pamukkale universiteti va GAYE vaqfi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli islomshunos, ilohiyotshunos va manbashunos olimlar ishtirok etmoqda. Simpoziumda Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini tadqiq etish, qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish, ularni asrab-avaylash hamda zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida kelajak avlodlarga yetkazish masalalari muhokama qilinmoqda.
Yatag‘an qariyb ming yillik tarixga ega bo‘lib, Anadoludagi turkiy tamaddunning muhim ma’naviy markazlaridan biri hisoblanadi. Bu zaminda Turkiston diyoridan yetishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi asrlar davomida o‘rganilib, keng targ‘ib etib kelingan.
Keyingi yillarda ushbu tarixiy an’analarni qayta tiklash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Turkiya hukumati tashabbusi bilan Yatag‘anda Islomiy bilimlar ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan. Institutda faoliyat olib borayotgan turkiyalik ilohiyotshunos va manbashunos olimlarning izlanishlari natijasida qo‘lyozmalar fondidan Imom Buxoriy hadislar to‘plamining bundan 825 yil avval ko‘chirilgan qadimiy nusxasi aniqlangan. Xalqaro simpozium davomida ushbu noyob qo‘lyozmaning restavratsiya qilingan nusxasi anjuman ishtirokchilariga namoyish etildi.
Mazkur xalqaro simpoziumda Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori, professor Ahmadjon Soleyev hamda Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori, professor Jo‘liboy Eltazarovlar ham qatnashmoqda.
Simpoziumning ochilish marosimida professor Ahmadjon Soleyev so‘zga chiqib, Samarqand davlat universitetida Imom Buxoriy ilmiy merosini o‘rganish, buyuk muhaddisning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini tadqiq etish borasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumot berdi.
✅ Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
🌐 Samarqandim.uz | ✅ Telegram | 🌐 Instagram | ✅ Facebook | 📹 You tube
Post #60623
2.2K



