UNIVERSITETDA O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI KENG NISHONLANDI...
📌Samarqand davlat universitetida 1-oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni tantanali nishonlandi. Tadbir milliy kuy va qo‘shiqlarning dilrabo ohanglari og‘ushida boshlandi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan tabrikladi va universitetda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi:
— 2016–2026-yillar O‘zbekistonda o‘qituvchining sha’nini, qadr-qimmatini, uning jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish yillari bo‘ldi. Biz muallim kamsitilgan zamonlarni ham ko‘rdik. O‘qituvchini qadrlamagan millat hech qachon ro‘shnolik ko‘rmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ziyolilariga, ayniqsa, ta’lim sohasi xodimlariga cheksiz g‘amxo‘rlik qilmoqda. Keyingi o‘n yilda professor-o‘qituvchilarning maoshi oshirildi.
🎓Samarqand davlat universitetida biz yana bir muhim qadam tashladik. Bu mavjud ilmiy maktablarni rivojlantirish bilan bir qatorda, zamon talablariga mos yangi ilmiy maktablar yaratish konsepsiyasidir. Buning natijasida Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar, Yadro texnologiyalari institutlariga asos solindi. O‘quv va ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash uchun 40 milliardga yaqin mablag‘ ajratildi.
🗒Samarqand davlat universitetida so‘nggi bir yilda tashkil etilgan 20 ga yaqin yozgi maktablarga Fransiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Rossiya, Yaponiya va Markaziy Osiyo davlatlaridan 500 dan ortiq talaba jalb qilindi.
💬Tadbir davomida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan professor-o‘qituvchilarning bir guruhiga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi. Yuzlab professor-o‘qituvchilar moddiy rag‘batlantirildi yoki qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
👤Tabrik uchun so‘zga chiqqan professorlar Oqnazar Hasanov, Nazmiya Muhiddinova, universitetning Transformatsiya ofisi rahbari Mohd Nazish Khan va boshqalar ta’lim sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan katta o‘zgarishlarni alohida ta’kidladilar.
🗒Tantanali tadbir yakunida musiqiy dasturga navbat berilib, “Ustozga ta’zim” mavzusidagi videorolik namoyish etildi.
✅ Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
🌐 Samarqandim.uz|✅Telegram | 🌐Instagram |✅Facebook | 📹You tube
Post #60308
1.27K









