Bitta boʻlgan voqeani aytib beraman. Faqat ismlarini oʻzgartiraman. Chunki voqea ishtirokchilarining ikkitasi haliyam kanalimda bor boʻlishi mumkin. Xotin – Zuhro. Er – Tohir. Doʻst – Qora Botir.
Tohir va Qora Botir avvaldan doʻst edi. Ularning umumiy qiziqishlari bor edi, zalga, futbolga borib turishardi. Gaplari qovushardi. Keyin Tohir Zuhroga uylandi. Vaqt oʻtdi, farzandli boʻlishdi.
Zuhro eri har safar Qora Botir bilan chiqib ketganida asabiylasha boshladi. Bizga vaqt ajratmaysiz, sizga faqat oshna-ogʻayni boʻlsa boʻldi, deb janjal qiladigan boʻldi. Holbuki eri uydaligida hamma oʻzicha telefon oʻynab oʻtirar yoki janjallashishardi.
Albatta, Zuhro chiqmaysan, bormaysan deb erini oʻtirgʻizib qoʻya olmasdi. Ammo doimiy qovoq-tumshuq, gʻidi-bidi, yigʻi-sigʻi, baqir-chaqir bilan passiv bosim qildi. Oxiri janjaldan zada boʻlib ketgan Tohir Qora Botirdan uzoqlashishga qaror qildi. Boshida har xil bahonalar qilib chiqmadi, keyin telefonni koʻtarmay qoʻydi. Qora Botir ham barini tushunib indamay qoʻya qoldi.
Zuhroning hamma kishisi bor edi. Hatto oʻynashi ham. Tohirning hamma kishisi bor edi, oʻynashdan tashqari. Qora Botir esa yetim edi. Odamlar bilan, jamiyat bilan, balki oʻzi bilan muammolari bordir, bunisini bilmadim, u koʻp oʻtmay oʻzini oʻldirdi.
Kishini qiyinchilik yoki qaygʻu oʻldirmaydi, bu hammada bor. Kishini qiyin damda oʻzini chalgʻita olmaslik oʻldiradi. Qora Botir oʻlimidan bir necha soat oldin Tohirga qoʻngʻiroq qilgan. Balki shunchaki chiqib toʻrtta gurung qilsa yoki ikki partiya bilyard oʻynasa oʻsha damda ichini kemirayotgan qaygʻudan chalgʻigan boʻlardi. Ammo Tohir Zuhroning qovoq-tumshugʻidan qoʻrqib telefonni koʻtarmaydi.
Bu voqeaga toʻrt-besh yil boʻldi. Hozir Tohir sal injiqlashgan, maʼlum bir yoshdan keyin kishi faqat tanish orttiradi, doʻst emas. Zuhro zeriksa oʻynashi bilan gaplashib, koʻrishib turadi. Qora Botir esa oramizda yoʻq. U nega joniga qast qilgani ham sir boʻlib qoldi. Bu sirni Tohirgagina aytishi mumkin edi...
@salimov_blogi