⌨️ UZCERT xizmati tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida, so‘nggi kunlarda Telegram orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlari sezilarli darajada oshgani aniqlandi. Firibgarlar turli usullar orqali foydalanuvchilarni chalg‘itib, ularning Telegram profiliga kirish va barcha ma’lumotlarni qo‘lga kiritishga harakat qilishmoqda.
Firibgarlik qanday amalga oshiriladi?
Firibgarlar odatda reklama, aksiya yoki qiziqarli ko‘rinadigan xabarlarga havola (link) qo‘shib yuborishadi. Foydalanuvchi ushbu havolani bosishi bilan Telegram profilidan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi va u bu jarayondan shubhalanmaydi. Foydalanuvchi qayta kirishga uringanida esa profil allaqachon firibgarlar tomonidan egallangan bo‘ladi. Telegram hisobini qo‘lga kiritgan firibgarlar yozishmalarni o‘qishi, kontaktlarni ko‘chirib olishi, guruhlarga kirishi hamda profilni yangi qurbonlarni aldash uchun ishlatishi mumkin. Natijada bu holat jiddiy xavfsizlik muammolariga olib keladi.
Kimlar ko‘proq nishonga olinmoqda?
Firibgarlar uchun eng jozibali nishonlar — davlat tashkilotlari va xususiy korxona xodimlari hamda moliyaviy yoki boshqaruv lavozimidagi shaxslar bo‘lib, ular orqali firibgarlar tizim ma’lumotlariga kirish, yangi qurbonlarni topish va keng kontaktlar tarmog‘idan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Telegram foydalanuvchilari uchun eng muhim 5 ta xavfsizlik tavsiyalar:
1⃣ Ikki bosqichli autentifikatsiyani yoqing, bu sizning akkauntingizni parol o‘g‘irlansa ham himoya qiladi.
2⃣ Shubhali havolalar va fayllarni ochmang, firibgarlar eng ko‘p shu usul orqali hisobingizga kirishga urinadi.
3⃣ Noma’lum kontaktlarga shaxsiy ma’lumot bermang, ular ishonchga kirib sizni aldashi mumkin.
4⃣ Maxfiylik sozlamalarida “Telefon raqamini kim ko‘ra oladi” va “Profil fotosi kimga ko‘rinadi” bo‘limlarini cheklang, bu sizni nishonga olish xavfini kamaytiradi.
5⃣ Botlarga ruxsat berishda ehtiyot bo‘ling, chunki zararli botlar sizning ma’lumotlaringizni yig‘ishi yoki akkauntingizni boshqarishga urinishi mumkin.
#Telegram #UZCERT #xizmat #firibgarlik
🚀 UZCERT xizmatining rasmiy telegram sahifasiga a’zo bo‘ling!
