TGViewer
Birburchak Birburchak @qora_yigit · 7.21K subscribers
Post #3286 1.1K
#finished

Ernest Heminguey — “Alvido, qurol”

Urushdan tirik qaytgan odam o'zining avvalgi hayotiga ham qayta oladimi? Qoʻl-oyogʻi butun, gapiradi, kuladi, ovqatlanadi. Tashqaridan qaraganda hammasi joyida. Ammo u ilgari ishongan narsalariga endi ishonmasa, ertangi kun haqida oʻylaganda koʻz oldiga hech nima kelmasa-chi? Nazarimda, urushning eng uzoq davom etadigan dahshati ham shu joydan boshlanadi.

Ernest Hemingueyning “Alvido, qurol!” romanida ana shu ichkaridan yemirilish amerikalik leytenant Frederik Genri hayoti orqali koʻrsatiladi. Birinchi jahon urushi, Italiya fronti, yaradorlar, loyga botgan yoʻllar va nima uchun oʻlayotganini oʻzi ham yaxshi tushunmaydigan odamlar. Bunday joyda uzoqdan turib aytiladigan shon-sharaf, jasorat haqidagi gaplarning mazmuni ham oʻzgarib ketarkan. Chunki bu gaplar kimningdir uzilgan oyogʻini qaytarib bermaydi, kimnidir ertaga oʻlishdan asrab qolmaydi.

Muallif urushning maʼnosizligini kitobxonning qulogʻiga qayta-qayta quyishga urinmaydi. Odamlarning gaplarini, buyruqlarni, qoʻrquv ichida qilingan ishlarni koʻrsatadi.

Genrining urushga, burchga va oʻzi xizmat qilayotgan tizimga munosabati ham ana shunday vaziyatlarda oʻzgarib boradi. Urushga qandaydir ishonch bilan kirib, undan ishongan narsalarini yoʻqotib chiqqan butun bir avlodning holati bor bunda. “Yoʻqotilgan avlod” degan tushunchaning ichida qancha singan odam yashayotganini shunday asarlarni oʻqiganda yaxshiroq his qilasiz.

Shu oʻrinda Hemingueyning yozish uslubi haqida ham gapirib oʻtish kerak. Baʼzan qahramonlar shunchaki ovqat, ichimlik yoki ob-havo haqida gaplashib oʻtirishadi. Ammo oʻqiyotib ularning aytayotganidan koʻra aytmayotgan gapi koʻproq ekanini sezib turasiz. Hayotda ham ichida ogʻir dardi bor odam har doim oʻsha dard haqida gapiravermaydi.

Genri va ingliz hamshirasi oʻrtasidagi munosabatlarni ham ana shu urushdan, yoʻqotishlardan ajratib tushunish qiyin. Ularning bir-biriga yaqinlashishida yolgʻizlikdan qochish, kimningdir yonida oʻzini xavfsiz his qilish istagi bor. Atrofda hamma narsa buzilayotganida hech boʻlmasa bitta inson bilan bogʻliqliging buzilmasligini xohlaysan-da. Seni kutadigan, tirik qolishing unga kerak boʻlgan odamning borligi yashashga ham sabab beradi.

Ammo inson oʻzini qiynayotgan joydan ketgani bilan hamma ogʻriqlaridan ham qutula oladimi? Genri va Ketrin uchun osoyishta hayotning oʻzi kifoyadek. Kitobxon sifatida sen ham ulardan ortiqcha narsa kutmay qoʻyasan. Shu ikkisi tinchgina yashasa boʻldi deysan. Heminguey esa oʻquvchining aynan shu oddiy istagini ham qanchalik himoyasiz ekanini his qildiradi...

Xullas, “Alvido, qurol!” odamning urushda nimalarini yoʻqotishi haqida uzoq oʻylatadigan kitob. Hayotini asrab qolgani bilan kishi ishonchini, xotirjamligini, kim bilandir qurmoqchi boʻlgan hayotini yoʻqotishi mumkin. Bularning hisobini esa urush tugagach eʼlon qilinadigan raqamlardan topolmaysiz...

➡️@qora_yigit
  • 👍 8
  • 🔥 5
  • ❤ 3
  • 😍 1
More from @qora_yigit
  1. Sep 27, 2026Post #3294
  2. Sep 27, 2026Uyda boqishga qaysi gul yaxshi deb oʻylaysizlar? 🌸
  3. Sep 27, 2026Gabriel Garsia Markesning mana shu seriyadagi hamma kitobini toʻplamoqchiman. Nasib etsa o…
  4. Sep 27, 2026Bugun yakshanba!🩷 Qanday kun edi oʻzi bu? Nemis faylasufi Artur Shopenhauerning 4 kitobin…
  5. Sep 26, 2026Youtubedagi 56-video 💚 Bu ikki hikoyalar seriyasidagi kitoblarning deyarli hammasini oʻqi…
  6. Sep 26, 2026Bugun shanba! Bayram bayramday boʻladigan kun. Shunday emasmi? 🙌 Alp nashr ikki yangi kit…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →