Harry Harlou va mehr-muruvvat mohiyati
Psixologiya tarixi o’zimiz haqimizdagi hamda inson xulq-atvori borasidagi fikrlarimizni o’zgartirishimizga ko’maklashgan g’aroyib tadqiqotlar va klassik psixologik eksperimentlar bilan to’la. Ba’zida ushbu tadqiqotlarning natijalari o’ta hayratlanarli edi, ya’ni ular inson tafakkuri va xatti-harakatlari borasidagi hamma birday qabul qilgan fikrni obdon taroziga solib ko’rgan. Bundan tashqari, ushbu eksperimentlar o’ta baxsli xarakterga ham ega edi.
Harry Harlou birinchilardan bo’lib inson muhabbati va mehr-muruvvati mohiyatini ilmiy jihatdan tadqiq etgan psixologlardan biri edi. Harlou bir muncha baxsga sabab bo’lgan eksperimentlar yordami bilan erta bog’lanib qolish hissi, mehr-muruvvat va hissiy bog’langanlikning sog’lom rivojlanishda tutgan ahamiyatini ko’rsatib bera oldi.
Mehr-muruvvat borasida olib borilgan tadqiqot tarixi
20-asrning birinchi yarmida ko’plab psixologlar bolalarga mehr-shafqat ko’rsatish hech qanday ahamiyat kasb etmaydigan oddiy his-tuyg’u ifodasi ekanligiga ishonishgan. Hattoki bixeviorist Jon Uotson ota-onalarni shunday deb ogohlantirish darajasigacha borgan, “Farzandingizni silab-siypalagingiz kelsa, shuni unutmangki, ona mehri xavfli instrumentdir.”
O’sha davr mutafakkirlarining fikricha, mehr-shafqat faqatgina kasallik tarqatar va katta yoshlilarda psixologik muammolarni keltirib chiqarar edi.
Ushbu davr mobaynida psixologlar o’z sohasini chuqur doiradagi ilm-fan deb isbotlashga intilganlar. Psixologiya sohasida bixevioristik harakatlar ustunlik qilgan va tadqiqotchilarni faqatgina kuzatib bo’ladigan va o’lchash imkoniyatiga ega xulq-atvorni o’rganishga chaqirganlar.
Shunga qaramasdan, Harry Harlou ismli amerikalik psixolog tasvirlash va o’lchash unchalik ham oson bo’lmagan mavzu — mehrni tadqiq etishga qiziqib qoldi.
1960-yillar mobaynida o’tkazilgan bir muncha baxsga sabab bo’lgan tadqiqotlarda Harlou mehrning va ayniqsa, mehrdan bebehralikning qudratli kuchini ko’rsatib berdi. Harlou yosh resus maymunlarida mehrdan mahrum qilinishning ayanchli oqibatlarini ko’rsatish orqali sog’lom bola rivojlanishida uning qarovchisi ko’rsatadigan mehr-muruvvatning muhim ahamiyatini ochib berdi.
Harlou tomonidan o’tkazilgan eksperimentlar, ko’pincha, axloq qoidalarga yetarlicha amal qilmagan va daxshatli darajada shafqatsiz bo’lgan, shunga qaramasdan ular bola rivojlanishi borasidagi tushunchalarmizga chuqur ta’sir etgan oddiy haqiqatlarni oshkor etdi.
Post #846
125