Mulkdan foydalanmaslik — ijtimoiy jinoyatdir!Universitetda o‘qib yurgan kezlarimizda professorimiz bir gapni ko‘p takrorlar edi:
“Har qanday mulkdan xalq manfaati yo‘lida foydalanish kerak. Agar mulkdan foydalanilmasa, bu ijtimoiy jinoyatdir. Hatto kimningdir shaxsiy mulki bo‘lsa ham, undan o‘zi yoki boshqalar foydalanmasa, bu ham ijtimoiy jinoyatdir”.O‘sha vaqtlarda bu gaplarning ma’nosini unchalik tushunmas edim. Keyinchalik angladimki,
rivojlanish faqat yangi imkoniyatlar yaratish bilan emas, balki mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanish bilan ham bo‘lar ekan.Men test tuzish jarayonida maktab darsliklarini, ayniqsa, matematika darsliklarini topishda ko‘p muammolarga duch kelganman.
Ba’zi mavzular maktab darsliklarida juda yaxshi tushuntirilgan. Ammo bu kitoblarning aksariyatini sotuvdan topish qiyin. Maktab kutubxonalarida esa ular ko‘pincha foydalanilmasdan turadi.
Eng qizig‘i, kutubxonada foydalanilmay turgan kitoblarni hatto vaqtincha olib foydalanishning ham qulay tizimi yo‘q. Nega o‘quv markazlari ustozlari yoki repetitorlar maktab kutubxonalaridagi bo‘sh turgan darsliklardan ma’lum tartib asosida ijaraga olib foydalana olmasligi kerak?
Axir bu kitoblar farzandlarimizning bilimini oshirish uchun chiqarilmaganmi?
O‘quv markazlari va repetitorlar maktablarning raqobatchisi emas, balki ta’lim sifatini oshirish yo‘lida ularning yordamchisi bo‘lishi kerak.Maktab kutubxonalaridagi foydalanilmayotgan kitoblarni o‘quv markazlari va mustaqil ustozlarga ham ma’lum tartib asosida taqdim etish tizimini yaratish mumkin.
Erkinjon Turdimovning maktab sport zallari, kutubxonalari va kompyuterlaridan samarali foydalanish haqidagi yuqoridagi fikrlari juda og‘riqli va dolzarb masalalarni ko‘taradi.
Maktab faqat dars o‘tiladigan bino emas, balki butun mahalla uchun ilm, ma’rifat va rivojlanish markaziga aylanishi kerak.Maktabning jamiyat bilan integratsiyalashuvi, mavjud imkoniyatlardan xalq manfaatlari yo‘lida foydalanish — butun millatning ilmiy yuksalishiga xizmat qiladigan amaliy qadamlardir.
Aslida, boylikning qadrini uning qanchalik yangi saqlangani emas, qancha insonga foyda keltirgani belgilaydi.👉👉 t.me/pmtests