A. Lentulov. «Poyezd bilan ko‘prik». 1918-yil. mato, moybo‘yoq.
Aristarx Lentulov «Poyezd bilan ko‘prik» asarida odatiy shahar manzarasi qanday qilib yorqin va o‘ziga xos san’at asariga aylanishi mumkinligini namoyon etadi.
Temiryo‘l ko‘prigi, poyezd, dadil chiziqlar va ranglar uyg‘unligi asarda harakat hissini uyg‘otadi. Go‘yo asarda tasvirlangan barcha narsa uzluksiz o‘zgarish jarayonida. Rassomning maqsadi atrofdagi olamni haqiqiy ko‘rinishini aniq aks ettirish emas. Uni boshqa narsa - rang, shakl va kompozitsiya vositasida o‘z davrining ruhiyati va jo‘shqinligini ifodalash qiziqtiradi.
Bunday yondashuv XX asr boshlaridagi rus avangard san’atiga xos edi. O‘sha davr rassomlari an’anaviy badiiy qarashlardan chekinib, olamni yangicha idrok etish va tasvirlash usullarini izlay boshladilar.
Bugungi kunda O‘zbekiston davlat san’at muzeyi kolleksiyasiga mansub ushbu asar Nukus shahrida «O‘zbekiston: sahrodagi avangard» ko‘rgazmasida namoyish etilmoqda.
Oradan yuz yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, Lentulovning ushbu asari o‘zining yorqin ranglari, badiiy kuchi va odatiy narsalarga noodatiy nigohi bilan hamon tomoshabinni hayratga soladi.
San’atga yangicha nigoh bilan qarashga undaydigan, hayrat uyg‘otuvchi asarlarni ko‘proq ko‘rishni istaysizmi?
Sizni I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyiga taklif etamiz! Bu yerda sizni rangtasvirning betakror olami, noyob kolleksiya va asarlari jahon san’ati merosining ajralmas qismiga aylangan rassomlarning hayotiy hikoyalari kutmoqda.
Nukusga tashrif buyuring va «Sahrodagi Luvr» nomi bilan mashhur muzeyni o‘zingiz kashf eting!
Post #9457
119

- 🔥 4
- ❤ 2
- 👍 2
- 🥰 1