TalabaPay (tp.uz) sayti ishga tushdi — saxiylikda bellashing
✅ Loyiha haqida qisqacha: kompaniyalar va tadbirkorlar, shuningdek, blogerlar va media vakillari tp.uz saytidagi reytingda yuqorida turish uchun badal to‘laydi, tushgan 100% mablag‘ ehtiyojmand talabalarning kontraktini to‘lash uchun sarflanadi (soliqlardan tashqari).
📝 Loyiha haqida batafsil: Meni uzoq vaqtdan buyon kuzatadigan insonlar biladiki, imkonim bo‘ldi deguncha, talabalarni har tomonlama, xususan, moddiy qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman. TalabaPay loyihasi ham shu yo‘ldagi navbatdagi qadam.
Yaqinda outbid.lol manzilida bir platforma ishga tushdi. Unda kompaniyalar shunchaki reytingda o‘rin egallash uchun badal to‘lashni boshladi. Hozirgacha loyiha 255 ming AQSh dollari mablag‘ yig‘di. Keyinroq shunday loyiha bizda ham sindr.uz manzilida ishga tushdi. Qisqa vaqtda 30 mln so‘mdan ko‘proq mablag‘ yig‘ildi.
Bu kabi loyihalarni ko‘rishim bilan xayolimga birinchi kelgan fikr shunda bo‘ldi: eh, shu pullarni kontrakt to‘lashga ishlatsak zo‘r bo‘lardi-da!
Maqsad bor ekan, tayyor g‘oya turgan ekan, nega unda urinib ko‘rmaslik kerak, dedim o‘zimga. Shunday qilib, hozir siz ko‘rib turgan tp.uz platformasi dunyoga keldi.
Siz qancha istasangiz, xohlang 50 ming so‘m, xohlang 1 mln so‘m, farqi yo‘q, shuncha to‘lang. Gap reytingda nechanchi o‘rinda turganingizda ham emas, gap kompaniyangiz katta-kichikligida ham emas, gap o‘zi sizda kompaniya bor yoki yo‘qligida ham emas.
Gap sizning ta’limga befarq emasligingizda! Gap sizning bag‘rikeng va saxiy inson ekanligingizda!
Ushbu loyiha orqali mablag‘ yuborgan barcha kompaniyalar va barcha insonlarga katta rahmat! Sizlar bilan faxrlanaman.
👉 @xushnudbek 👈
Post #952
935
