Dunyodan o‘tib ketganlarni yo‘qlab turishning bir vositasi ular nomidan xayr-ehsonlar qilish, Qur’on tilovat qilib, ruhlariga bag‘ishlashdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “O‘lganlaringizning yaxshi xislatlarini eslanglar, ularning yomonliklarini gapirishdan tilingizni tiying!”, deb marhamat qilganlar (Termiziy va Abu Dovud rivoyatlari).
Ahli sunnat va jamoat ta’limoti shuki, o‘tganlar ruhiga bag‘ishlangan tilovatlar va xayr-ehsonlar ularga foyda beradi va savoblar yetib boradi. Bunga Abu Hafs an-Nasafiy rahimahullohning “al-Aqoid an-nasafiya” asaridagi: “Tiriklarning o‘liklar uchun qilgan duo va sadaqalarida ular uchun foyda bordir. Alloh taolo duolarni ijobat qiladi va hojatlarni ravo qiladi”, degan qoidani keltirish mumkin.
Taniqli hanafiy olimi Sirojiddin al-O‘shiy rahimahullohning “Bad’ ul-amoliy” nomli moturidiylik aqidasiga bag‘ishlangan qasidasida bunday deyilgan:
و للدعوات تأثير بليغ، و قد ينفيه أصحاب الضلال
“Duolarda yetuk ta’sir bor, uni zalolatdagi odamlargina inkor qiladilar”.
Xullas, ahli sunnat va jamoat ta’limotiga ergashgan ulamolarning barchasi o‘tganlarga bag‘ishlab qilingan xayr-ehson va duolar ularga yetib borishi borasida ittifoq qilganlar.
Hayotdagi insonlarning savobli ishlari o‘tganlar ruhiga bag‘ishlanganda, savob yetib bormaydi, deguvchilarning aqliy dalillari duo qazoni, ya’ni taqdirni o‘zgartira olmaydi, deyishlaridir. Holbuki, taqdirga muvofiq qilingan duo qazo-qadarni o‘zgartirishi, umrni uzaytirishi, balo-ofatlarni ham qaytara olishi hadisi shariflarda zikr qilingan.
Jaloliddin as-Suyutiy rahimahulloh tomonidan “al-Jome’ as-sag‘ir” asarlarida:
الدعاء يردّ البلاء
“Duo baloni qaytaradi”, degan hadis rivoyat qilingan.
Aynan o‘tganlar ruhiga atab duo qilishni esa bizga Qur’oni karim o‘rgatgan. Unda quyidagi oyati karima mavjud:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
«Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!”» (Hashr, 10).
Xulosa qilib aytganda, mo‘tabar manbalarda Qur’on tilovat, duo qilish umumiy tarzda ruxsat berilgan, targ‘ib qilingan ishlardandir. Yuqorida o‘tgan hadislar va umumiy shar’iy yo‘riqlar shuni ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, Qur’on tilovat, duo qilib, savobini o‘tgan ota-ona va boshqa yaqinlarga bag‘ishlash ulug‘ savobli amallardandir.
Namangan shahri “Xomiddin qori” jome masjidi imom-xatibi Sulaymonov Kamolxon
🌐 MEZON ijtimoiy tarmoqlarda:
💬 Telegram | 📸 Instagram | ▶️ YouTube
