Payg‘ambar alayhis salom vafotlaridan so‘ng birinchi asrning oxiri va ikkinchi asrning boshlarida turli diyorlardan diniy huquqlarni yechib bera oladigan olimlar yetishib chiqa boshladilar. Natijada Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofi’iy, Imom Ahmadlar
bugungi kunimizgacha yetib kelgan to‘rt fiqhiy mazhablarga asos soldilar. Mazkur mazhabboshilar e’tiqod va ibodat masalalarini Qur’oni karim va Payg‘ambar alayhis salomning sunnatlariga muvofiq ma’lum qoidalarga solib chiqdilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyingi to‘rt ishonchli xalifalar, sahobalar, tobeinlar, ulardan keyingilar va Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofi’iy, Imom Ahmad rohimahumullohlar e’tiqod va ibodatda “Sunnat”ga tayanib ish ko‘rganlari uchun “Sunniylar” yoki “Ahli sunna val jamoa” degan sharafli nom bilan atalgan. O‘n ikki asrdan ziyod davr mobaynida butun dunyo mo‘min-musulmonlari mazkur mazhab ko‘rsatmalariga amal qilib, e’tiqod va ibodatda bardavom bo‘lib kelishmoqda.
Bugungi kunda paydo bo‘lgan “Soxta salafiylik” g‘oyasi tarafdorlari Islom ummati qadim-qadimdan amal qilib kelayotgan aqida va fiqh mazhablarini inkor qilib, “Mazhab tuzish Rasululloh alayhis-solatu vassalomning davrlarida yo‘q edi, shunday ekan biz, mazhab egalarining aytganiga emas, balki Alloh va Rasulining aytganiga amal qilishimiz kerak”, degan da’voni ilgari surishmoqda.
“Soxta salafiylar”ning g‘oyalari — Qur’on oyatlari va hadisi shariflardan so‘zma-so‘z ma’no chiqarib, o‘sha ma’noga ko‘r-ko‘rona amal qilish orqali boshqa manbalarni botilga chiqarishdir. Hakim Samarqandiy Qur’on oyatlarining zohiriga qarab hukm olish borasida fikr yuritib: “Qur’ondagi hamma narsani ham zohiriga qarab sharhlash mumkin emas, chunki Qur’onda ko‘p o‘rinlarda oyatlarning zohiri boshqa ma’noni, botini boshqa ma’noni anglatadi. Allohdan qo‘rqing. Qur’onni faqat o‘z ra’yingizdan kelib chiqib sharhlamang”, deb bu ishning shariat ko‘rsatmasiga xilof ekanini ta’kidlagan.
“Mazhabsizlik” g‘oyasi tarafdorlari xuddi — kompyuter virusi kabi yurtimiz musulmonlarining hanafiylik mazhabi ta’limoti bilan bog‘liq o‘n ikki asrlik tarixini bir zumda o‘chirib tashlab, o‘rniga o‘zining g‘arazli g‘oyalarini yuklamoqchi bo‘lishadi.
Biz ajdodlarimizning shonli yo‘lidan hech qachon voz kechmaymiz. Agar ularning asossiz safsatalariga quloq soladigan bo‘lsak, Islomning o‘n ikki asrlik tarixidan voz kechgan bo‘lamiz. “Ahli sunna va jamoa” firqasida ijod qilib o‘tgan minglab zabardast ulamolar tomonidan yozilgan noyob asarlaridan bebahrа bo‘lib qolamiz. Asrlar mobaynida barcha musulmonlar amal qilib kelayotgan an’analar bekorga chiqadi. Natijada musulmonlar orasida parokandalik yuzaga keladi.
“Mazhabsizlik” g‘oyasi tarafdorlarining bemazhаblikni targ‘ib qilishdan ko‘zlagan bosh maqsadlari — xalq orasida “parokandalik” keltirib chiqarishdan iboratdir.
Namangan tumani “Al Masjidun Nabaviy” jome masjidi imom-xatibi Paxriddin Yusupov
🌐 Ijtimoiy tarmoqlarimiz:
💬 Telegram | 📸 Instagram | ▶️ YouTube
