TGViewer
MEZON MEZON @mezon_mt · 31 subscribers
Post #20 9
📖 Mavzu: JIHOD NOMINI SOXTALASHTIRAYOTGANLAR

«Jihod» so‘zi lug‘atda inson tomonidan jamiki imkoniyatni ishga solib harakat qilish ma’nosini anglatadi.
Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, musulmon odam jihod qilmoqchi bo‘lsa, o‘zining barcha kuch-quvvat, aql-zakovati va moddiy imkoniyatlarini Alloh yo‘lida, Uning dini uchun sarflashi kerak bo‘ladi. Alohida ta’kidlab aytish lozimki, jihod so‘zi lug‘atda urush ma’nosini anglatmaydi. Urush arab tilida boshqa so‘zlar bilan ifoda etiladi. Asosan, urush ma’nosini anglatish uchun arab tilida «qitol» so‘zi ishlatiladi.
Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat qilayotgan tolibi ilmni mujtahid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.
Shar’iy masalalarni yechishda bor imkonini ishga solib harakat qilgan ulkan olimlarni ham mujtahid deb atalgan. Undoq kishilar shar’iy ilmlarda jihod qilganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, jihod so‘zining lug‘atdagi xususiyatidan kelib chiqib jihodning turlari ham ko‘paygan va o‘shalarning ichida dushmanga qarshi jon-jahdi bilan jang qilish ham jihod deyilgan. Ammo ushbu oxirgi ma’no boshqalaridan ustun kelib, keyinchalik jihod deganda faqat qitolni tushuniladigan bo‘lib qolgan.
Alloh taolo Islomning dastlabki bosqichida mushriklar bilan aqidaviy tortishuv qilib turgan O‘z payg‘ambari Muhammad alayhissalomga Furqon surasida quyidagi xitobni qiladi:
«Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qur’on) bilan katta jihod qil!»
Demak, Qur’on bilan katta jihod qilingan. Bunda urush olib borish ma’nosi yo‘qligini anglash zarracha aqli bor odam uchun qiyin emas.
Islomda jihod ma’nosi avvalo urush ma’nosida emas, Allohning diniga so‘z bilan da’vat qilish ma’nosida yuzaga kelgan va bu ma’no shu mavzuda asos bo‘lib qolgan.
1. Imom Termiziy, Ibn Hibbon va Daylamiylar rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Jihodning afzali Alloh taoloning zotida havoyi nafsingga qarshi jihod qilmog‘ingdir», deganlar.
Jome’ul Ahodis kitobida (4-juz, 741-bet) keltirilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kichik jihoddan katta jihodga, bandaning havoyi nafsiga qarshi qiladigan jihodiga xush keldingiz!» deganlar.
Bundan insonning havoyi nafsining kuyiga kirmaslik, uni yengib, shariatga muvofiq yashash uchun jon-jahdi ila qilgan harakati ham jihod ekanligi, jihod bo‘lganda ham afzal jihod ekani chiqadi.
2. Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi:
«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga:
«Sening ota-onang bormi?» dedilar.
«Ha», dedi.
«Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!» dedilar».
Demak, ota-onaning xizmati ham jihod bo‘lishi mumkin ekan.
Islomning dastlabki o‘n uch yili davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobalar Makkai Mukarramada yuqorida zikr qilingan qitol — urush ma’nosi bo‘lmagan jihodni olib bordilar.
O‘sha vaqtda Alloh taolo musulmonlarga mushriklarga qarshi kuch ishlatishni man qilgan edi. Shu bilan birga, ulardan yetgan azob-uqubat va ozorlarga sabr qilishga amr qilgan ham edi.
Faqatgina hijratning ikkinchi sanasida Qur’oni Karim ta’biri bilan aytilganda: «O‘zlariga qarshi urush ochganlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi».
Ana shundoq qilib, hijrati nabaviyaning ikkinchi sanasidagina Alloh taolo musulmonlarga o‘zlarini himoya qilish uchun qo‘llariga qurol olishga izn berdi.
Jihod haqidagi oyatlarning barchasini o‘rganib chiqqandan so‘ng ma’lum bo‘ladiki, Islomda jihod hukmi sharoitga qarab o‘zgarib turadi.
Jihod ikki qismdan iborat: talab va mudofaa.
Talab jihodi hozir yo‘qligiga ulamolar ijmo’ qilishgan. Chunki hozirda hamma davlatlar urushmaslikka kelishganlar va o‘zaro aloqalar o‘rnatib, elchixonalar ochganlar.
Mudofaa jihodi dushmanlar musulmon yurtga urush qilib, bostirib kirsalar, himoya uchun bo‘ladi.
Ba’zi bir holatlar bo‘ladiki, unda urush qilish bilan qilmaslik teng bo‘lib qoladi.
Yana bir holatlarda tinchlik uchun harakat qilish zarur bo‘ladi. Bularning hukmi katta ulamolar tomonidan shar’iy manbalarda bayon qilinadi.


Olimxon Isaqov,
Uychi tuman “Hudoyberdi eshon” jome masjidi imom-xatibi.

🌐 MEZON ijtimoiy tarmoqlarda:
💬 Telegram | 📸 Instagram | ▶️ YouTube
More from @mezon_mt
  1. Oct 10, 2026🎬 NOQONUNIY DINIY TA’LIM XAVFI ⚠️ Yashirin hujralarda berilayotgan noqonuniy diniy ta’lim…
  2. Oct 10, 2026🎬 HUJRA ORTIDAGI HAQIQAT Yopiq hujralar ortida nimalar sodir bo‘lmoqda? Noqonuniy diniy t…
  3. Oct 10, 2026Ochiqlik imkoniyatlaridan jinoiy maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi ——— Очиқлик им…
  4. Oct 10, 2026МИССИОНЕРЛИК ХАТАРИГА ҚАРШИ МАЪРИФИЙ РАДДИЯ Охирги йилларда жамиятда турли ақидавий оқимла…
  5. Oct 9, 2026⚖️ ТАҚИҚЛАНГАН МАТЕРИАЛЛАРНИ САҚЛАШ ВА ТАРҚАТИШ УЧУН ҚАНДАЙ ЖАВОБГАРЛИК БОР? Ўзбекистон Ре…
  6. Oct 9, 2026⚠️ НОҚОНУНИЙ УМРА ХИЗМАТЛАРИДАН ОГОҲ БЎЛИНГ! Муқаддас Умра зиёратини адо этиш истагидан фо…
Threads Profile ViewerView any public Threads profile without an account.Open ThreadLook →Writing with AI? Make it sound human.Metric37 rewrites AI drafts so they read naturally. Free AI detector, 1,500 words free.Try Metric37 →