Toshkent davlat yuridik universitetida professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy nashrlardagi faolligini oshirishga qaratilgan “Scopus Camp IV” loyihasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda TDYU Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zamira Esanova, fakultet va tarkibiy bo‘linmalar mas’ullari, universitet professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Shuningdek, marosimda Indoneziyadan tashrif buyurgan Arief Budiono, Ayub Torry Satriyo Kusumo, Muhammad Rustamaji, Abdul Kadir Jaelani va Vardah Yuspin kabi xorijiy professorlardan iborat delegatsiya ham qatnashdi.
Ochilish marosimida TDYU tomonidan muntazam tashkil etib kelinayotgan “Scopus Camp” loyihasining yuridik fanlarni rivojlantirish, xalqaro tajribani o‘rganish hamda milliy ilmiy tadqiqotlarni jahon akademik hamjamiyatiga integratsiya qilishdagi ahamiyati ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, loyihaning avvalgi mavsumlarida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, “Scopus Camp I” doirasida 10 dan ortiq ilmiy maqola chop etilgan bo‘lsa, “Scopus Camp II” doirasida xalqaro taqrizdan o‘tuvchi nufuzli jurnallarda 20 dan ortiq maqola nashr qilindi. Shuningdek, “Scopus Camp III” doirasida tayyorlangan 10 dan ortiq maqola ayni paytda ko‘rib chiqish jarayonida ekani ma’lum qilindi.
Mazkur natijalar loyiha ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish, xorijiy olimlar bilan hamkorlikni rivojlantirish va TDYU tadqiqotchilarining xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini kengaytirishda samarali platformaga aylanganini ko‘rsatadi.
Tadbir yakunida “Scopus Camp IV” loyihasi rasman ochiq deb e’lon qilindi .
Post #1962
656
TDYUda “Scopus Camp IV” loyihasi boshlandi