O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadi — gender tengligiga erishish hamda barcha ayollar va qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan Milliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda O‘zbekistonning 2030-yilgacha gender tengligiga erishish strategiyasi doirasida qo‘lga kiritilgan natijalar, mavjud muammolar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda davlat organlari, Oliy Majlis, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari, xalqaro tashkilotlar, BMT tizimi, ilmiy hamjamiyat hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.
Seminarning “Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish: teng huquqlardan teng imkoniyatlarga” nomli sessiyasini Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqni sohalararo o‘rganish fakulteti Tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), gender tengligi bo‘yicha ekspert Kamola Aliyeva olib bordi.
Ma’ruzada huquqiy kafolatlar bilan ularning amaliy natijalari o‘rtasidagi tafovut tahlil qilindi. Ekspert O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik bazasini shakllantirish va ayollarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish borasida sezilarli natijalarga erishilganini qayd etdi. Shu bilan birga, mavjud huquq va imkoniyatlar hali to‘liq iqtisodiy natijaga aylanmagani ta’kidlandi.
Sessiyada ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki va munosib ish bilan ta’minlanishi, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, kasbiy ko‘nikmalar va inson kapitalini rivojlantirish hamda iqtisodiyotdagi gender tafovutlarini qisqartirish bo‘yicha xalqaro tajriba masalalari tahlil qilindi.
Muhokamalarda yaratilgan huquqiy imkoniyatlar bilan ulardan amalda foydalanish darajasi o‘rtasidagi farqqa alohida e’tibor qaratildi.
Ekspertning ta’kidlashicha, dasturlar samaradorligini baholashda o‘tkazilgan tadbirlar yoki ishtirokchilar soni emas, balki erishilgan aniq natijalar asosiy mezon bo‘lishi lozim.
Seminar yakunida gender tengligi faqat bitta soha yoki tashkilotning vazifasi emasligi, u kambag‘allikni qisqartirish, sifatli ta’lim, munosib mehnat, iqtisodiy o‘sish va tengsizliklarni kamaytirish bilan uzviy bog‘liq ekani qayd etildi.
Post #1937
1.24K
TDYU eksperti Milliy seminarda ma’ruza qildi