Toshkent davlat yuridik universitetida xorijiy va mahalliy olimlarni bir ilmiy maydonda birlashtirish, qo‘shma huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirish, zamonaviy tadqiqot metodologiyalari bo‘yicha tajriba almashish hamda ilmiy natijalarni xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan “Central Asian Legal Research Fellowship — 5” (CALR-5) dasturining navbatdagi mavsumiga start berildi.
Joriy yilgi dasturda Turkiya, Indoneziya, Pokiston va Hindistondan 16 nafar professor va tadqiqotchi ishtirok etmoqda. Xorijiy olimlar ayni kunlarda Toshkent davlat yuridik universitetida ilmiy va akademik faoliyat olib bormoqda.
Dastur ishtirokchilari orasida Dehli universiteti (University of Delhi), Simbiozis huquq maktabi (Symbiosis School of Law), Rajiv Gandi milliy huquq universiteti (Rajiv Gandhi National University of Law), MATS universiteti (MATS University), Surakarta Muhammadiya universiteti (Universitas Muhammadiyah Surakarta), Sebelas Maret universiteti (Universitas Sebelas Maret), Balikesir universiteti (Balıkesir University), Bahcheshehir universiteti (Bahçeşehir University) hamda boshqa nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari mavjud.
CALR-5 doirasida mahalliy va xorijiy olimlar o‘rtasida ilmiy muloqotni rivojlantirish, dolzarb huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borish, ilmiy seminar va akademik uchrashuvlar tashkil etish, xalqaro nashrlar uchun ilmiy maqolalar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Mazkur dastur TDYUning xalqaro ilmiy maydondagi mavqeyini yanada mustahkamlash, universitet olimlarining xorijiy hamkasblar bilan akademik aloqalarini kengaytirish hamda Markaziy Osiyoga oid huquqiy tadqiqotlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Post #1933
1.26K
TDYUda “Central Asian Legal Research Fellowship” xalqaro ilmiy dasturining 5-mavsumi boshlandi