Sho‘baning ochilish marosimida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlar doktori, professor Baxshillo Xodjayev, “Aloqabank” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Jo‘rabek O‘roqov hamda ikki tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda TDYU talabalarining bank tizimidagi amaliyotini samarali tashkil etish, talabalarga real ish jarayonlarida kasbiy tajriba orttirish imkonini yaratish, yosh mutaxassislarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish, universitet va bank o‘rtasidagi ta’limiy hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda moliya-bank huquqi yo‘nalishida malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Ochilish marosimi davomida TDYU rektori sho‘bada talabalar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, “Aloqabank” AJ kutubxonasi va uning kitob fondini ko‘zdan kechirdi.
Tadbir yakunida bank kutubxonasini TDYU professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan yuridik adabiyotlar bilan boyitish, universitet talabalariga mazkur kutubxonadan foydalanish imkoniyatini yaratish hamda ta’lim va amaliyot uchun zarur ilmiy-huquqiy manbalardan birgalikda foydalanish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, TDYU rektori Baxshillo Xodjayevga bank kutubxonasidan foydalanish huquqini beruvchi vaucher topshirildi.
“Aloqabank” AJda TDYU amaliy sho‘basining ochilishi talabalarga bank faoliyatining huquqiy jihatlarini real ish muhiti asosida o‘rganish, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash va kelajakdagi kasbiy faoliyati uchun tajriba shakllantirish imkonini beradi.
Mazkur tashabbus TDYU va “Aloqabank” AJ o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, ta’lim, amaliyot va bandlik o‘rtasidagi uzviy aloqani mustahkamlashga xizmat qiladi.
Post #1912
1.18K
“Aloqabank”da TDYU amaliyot sho‘basi ochildi