#mulohaza_uchun
💡 O‘ZIGA ISHONCH – MO‘JIZAKOR KUCH! (1-qism)
Piter Pen filmini barchamiz bolaligimizdan sevib tomosha qilganmiz. Asardagi bir fikr ancha yillar oldin diqqatimni tortgan: “Ucha olishingga shubha qilsang, bir umr bu imkoniyatni qo‘ldan boy berasan”.
Menga doimo Gyotening “O‘zingizga ishonch bildirgan lahzadan boshlab qanday yashash kerakligini tushunib yetasiz”, degan hikmati dalda beradi.
O‘ziga ishonch – tug‘ma qobiliyat emas. O‘z-o‘ziga bo‘lgan ishonchning tagzamini mehnat mobaynida orttirilgan tajriba, muttasil o‘qib-o‘rganish va qat’iyat bilan erishilgan muvaffaqiyatdan yuzaga kelgan. Shunda ham o‘zingizga bo‘lgan ishonch pand bersa, quyidagilarga amal qiling:
O‘zingizdagi kuchli jihatni anglang.
O‘zimizdagi kuchli va kuchsiz jihatlarni his qilish maqsadga olib boruvchi zarur ishonchni oshiradi. Gap shundaki, biz o‘zimizni qanday tasavvur qilsak, hayotda o‘zimizni shunday tutamiz. Ehtimol, siz o‘zingizni xato tasavvur qilayotgandirsiz? Balkim, siz o‘zingizdagi kuchli jihatlarni unutib qo‘ygandirsiz?
Har gal ko‘zgu qarshisida samimiy va o‘ziga ishongan qiyofani ko‘ra oling. Biz o‘zimizga tez-tez nimani aytsak, asta-sekin u tomon yaqinlashamiz. Ko‘zguga qaraganda yoqmaydigan emas, o‘zingizga ma’qul bo‘lgan jihatga e’tibor qiling.
O‘zingizni majburlang.
Entoni Robbinsning “Ichimizdagi bahodir” asarini ko‘p mutolaa qilaman. Bu kitobda shunday bir mulohaza bor: “Qila olmasangiz, qilishga majbursiz. Qilishga majbur bo‘lsangiz, qila olasiz”. Inson o‘zini majburlashi kerak. Boshlash – qiyin ish. O‘zimizni majbur qilsak, muvaffaqiyat sari ilk qadamni qo‘yishga hafsala topamiz.
Tasavvur qiling va ishoning.
Diqqat qilsangiz, bu kitobda “tasavvur” va “tasavvur qilmoq” so‘zlari ellik marotabadan ziyodroq keltirilgan. Insonni yaratuvchanlikka boshlaydigan, ikkilangan lahzada olg‘a yurishga undaydigan kuch – tasavvur.
“Idrok sizni “A”dan “H”gacha olib boradi. Tasavvur bilan esa siz xohlagan manzilga bora olasiz”, deydi Albert Eynshteyn.
Hayotiy bo‘shliqlar orasini to‘ldiradigan omil, bu – tasavvur. Nima ish qilishni bilmay turganimizda ongimizdagi tasavvur o‘z-o‘zidan ishlab ketadi. Uning yordamida idrok quvvatini muvaffaqiyat hamda boylikka aylantirish mumkin.
Bolalikda shu qadar kuchli bo‘lamizki, olamda biz qila olmaydigan hech bir ish bo‘lmaydi. O‘spirinlikda esa atrofimizdagilar bizning tasavvurimizga chegara qo‘ya boshlaydilar. Ana shu lahzalardan biz ojiz bo‘la boshlaymiz.
Idrok tasavvur qila olgan va ishongan har ne borki, unga erishish mumkin. Shu bois ham bir vaqtlar adiblar tasavvur qilgan narsalar vaqt o‘tib yaratilgan.
O‘zingizni atrofingizga o‘rnatilgan chegaradan tashqarida his qiling va to‘siqlarni kesib o‘tishdan cho‘chimang, o‘zingizni g‘olib deb his qiling. Modomiki ishonar ekansiz, tez orada ko‘p narsa qo‘lingizdan kelishiga amin bo‘lasiz.
Qo‘rquv bilan yuzma-yuz keling.
O‘zingiz uchun qulay va xotirjam hududdan chiqing. Sizni zaiflashtirayotgan kuch nima? Unga duch kelishdan hayiqmang va har kuni duch keling. O‘zingizni boringizday qabul qiling. Unutmang: hech kim bu hayotda to‘kis emas. Bilim kerak bo‘lsa, o‘qing va o‘rganing. Tajriba kerak bo‘lsa, urinib ko‘ring. Hayotingizni yuksaltiradigan ishlar bilan band bo‘ling. Ana shunda siz qo‘rquvdan qudratli ekaningizni his qilasiz.
Ichingizdagi tanqidchi bilan suhbatlashing.
Ichki ovoz sizdan qanchalar norozi bo‘lsa, hayotda o‘zingizga bo‘lgan ishonchingiz shu qadar past bo‘ladi. Uni yo‘qotish uchun kichik muvaffaqiyatingizni ham nishonlang va buning uchun o‘zingizni taqdirlang.
Buyuk rassom Vinseng Van Gog ham ichidagi ovozdan qo‘rqqan ekan. “Agar ichki ovozingiz sizga chiza olmasligingizni aytsa, qo‘lingizga qalam oling-da, chizishni boshlang. Shunda bu ovoz g‘oyib bo‘ladi”, degan ekan rassom.
Ushbu maqolaning 2-qismi
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #6514
5.16K