#mulohaza_uchun
BAXTNI HIS QILISH AMALLARI (1-qism) ☺️
“Siz baxtlimisiz?”
“Ha!”
“Yanada baxtli bo‘lishni istarmidingiz?”
“Ha!”
“Demak, hali chinakam baxt nimaligini his qilmagan ekansiz!”
“Keling, boshqa mavzuda suhbatlasha qolaylik!”
Baxtli bo‘lish – barchamizning hayotdagi maqsadimiz. Baxtiyorlikka intilish qanchalik xudbinlik bo‘lib ko‘rinmasin, har bir inson baxtga munosib. Ko‘pchilik baxt, bu – xohlaganimizga erishish va ehtiyojlarimizni qondirish, deb hisoblar ekan. Ammo izlanishlar chinakam baxtiyorlik hissi insonda nimanidir olish bilan emas, boshqalarga berish bilan tug‘ilishini ko‘rsatmoqda. Shu sababli ham yaxshilik va baxtiyorlik bir-biriga uzviy bog‘liq bo‘lib, yaxshilik qiluvchi odamlar boshqalardan ko‘ra o‘zlarini ko‘proq baxtli his qilar ekanlar.
Ruhshunoslar insonga o‘zini baxtiyor his qilishiga yordam beradigan birlamchi omillarni aniqlab, quyidagi uch muhim amalga odatlanish zarurligini aytadilar. Ya’ni boshqalarga yaxshilik qilish, yaxshi xotiralarni yozib borish hamda yaxshi insonlar davrasida bo‘lish.
Yaxshilik qilish
Buddizm e’tiqodiga tegishli o‘gitlarda shunday hikmat bor: “Birgina qandil orqali minglab qandillarga charog‘onlik ulashish mumkin. Bu bilan o‘sha qandilning umri qisqarib qolmaydi. Baxtiyorlik ham shunday: ulashilgani bilan tugab qolmaydi”.
Boshqalarga yaxshilik qilish amali insonning o‘z oilasidan boshlanadi, albatta. Ota-onasiga, turmush o‘rtog‘i yoki farzandlariga yaxshilik ravo ko‘rgan insongina begonalarga chin dildan yaxshilik qilishi mumkin.
Baxt rohat yoki huzur bilan o‘lchanmaydi. Uning ko‘lami yoki darajasi jismoniy ta’sirdan yuqori turadi. Ya’ni muzqaymoq yeyish tanaga huzur berishi mumkin, ammo bu bilan insonning baxtiyorligi oshmaydi. Aksincha, muzqaymoqni uni sotib olishga qurbi yetmaydigan insonga olib berish tanga baxtning chinakam huzurini hadya eta oladi.
Boshqalarning kimgadir qilgan yaxshiligini, deylik, kimningdir keksa insonning og‘irini yengil qilishini ko‘rish, nochorlarga hayr-sahovat qilinayotganini kuzatish ham insondagi chuqur ichki baxtiyorlikning oshishiga sabab bo‘lar ekan. Buni ruhshunoslar “hissiy yuksalish” deb ataydilar. Bunday vaziyatda insonning insonlarga bo‘lgan ishonchi ortib, o‘zini himoyalangan his qilar ekan.
Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida hukumatimiz tomonidan imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimizga imtiyozli uylar berilayotgani to‘g‘risidagi xabarlarga ko‘zimiz ko‘p tushmoqda. Ana shunday lahzalarda har birimiz uy olganlar bilan birga quvondik, ularning hursandchiligi bizning ham ko‘zimizni namladi. Ya’ni “hissiy yuksalish”ni boshimizdan o‘tkazdik.
Insonlarning baxtiyor lahzalarini ko‘rish, tabiatga, jonzotlarga yaxshilik qilish ham inson baxtini ilhomlartirar ekan. Amerikalik jamoat arbobi Eleonora Ruzveltning fikricha, chin baxtiyorlikni boshqalarga baxt ulashib his qilish mumkin. O‘z navbatida, kimdandir yaxshilik ko‘rgan inson o‘zini boshqalarga yaxshilik qilishga mas’ul hisoblay boshlaydi va bu yaxshilik zanjir misol uzayib boradi va odamlarni ko‘rinmas rishtalar bilan bog‘laydi, oqibatning yashovchanligini ta’minlaydi.
Xotiralarni qayd etib borish
Ruhiy tadqiqotlar inson biror qiyin vaziyatga tushganida uni yozishi kerakligi, qiyin vaziyatni o‘z-o‘ziga bayon qilish foydali ekanini, bu unga og‘ir vaziyatdan chiqib ketishiga ruhiy ko‘mak berishini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, baxtli lahzalarni ham qayd etish insonning baxtiyorligini oshirar ekan.
Bugun smartfonlar yordamida tasvir va suratlar olamiz. Baxtli damlarni bir muddatga muhrlashga imkonimiz bor. Ammo baxtiyor damlarni qog‘ozga tushirishning gashti undan ham yuqori bo‘lar ekan.
Ushbu maqolaning 2-qismi
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #4710
7.09K