#mulohaza_uchun
G‘OLIBLARGA XOS MUHIM ODATLAR (2-qism) 🏆
Ushbu maqolaning 1-qismi
O‘z imkoniyatlarini yuqori baholaydilar.
Ular o‘zlarini boshqalar bilan qiyoslab, solishtirib o‘tirmaydi, balki har kimda har xil o‘ziga xos kuch va qobiliyat bor deb hisoblashadi. Ular qarama-qarshi tomonga, boshqalarning ishiga ortiqcha ahamiyat bermay, diqqat-e’tiborlarini o‘z ishi va o‘z rejalariga qaratadilar.
Kutilmagan tashvishdan ortiqcha azob chekishmaydi.
Mashhur olim Tomas Edison cho‘g‘lanma chiroq ishlab chiqaruvchi fabrikasi yonib kul bo‘lganida xarobalar oldiga kelib unga achinayotgan odamlarni tinchlantirishga, ishchilarning kayfiyatini ko‘tarishga uringan. Olimning xonavayron bo‘lganini aytayotganlarga Tomas Edison bu ko‘rgulik aslida hammasini yangitdan boshlash uchun Xudo tomonidan berilgan imkoniyat ekanini aytadi.
Ijobiy fazilatlarga boy odamlar uchun omadsizliklar qo‘rqinchli hodisa emas! Ular muvaffaqiyatsizlikdan saboq chiqarishadi. Buni keyingi yutuqlar yo‘lidagi ko‘makchi deb hisoblashadi.
Ular uchun ayni lahzalar harakat qilishning ayni fursati.
G‘oliblar o‘tmishga ko‘p ham qarayverishmaydi. Yakunlangan ishlar va ideallar, o‘tmishdagi muvaffaqiyatlar endi foydasiz ekanini yaxshi bilishadi.
Masalan, siz bugungi kun sport bilan shug‘ullanishni boshlash yoki umuman boshqa ishlar starti uchun juda yaxshi kun ekanini o‘ylaysiz. Ularning fikricha biror narsani boshlash uchun ideal vaqt degan tushuncha mavjud emas. Anglash kerakki, aynan hozir, ayni lahza – har ishni boshlashning eng yaxshi vaqti.
Ular bekorchilardan uzoqda yuradilar.
“Dunyoni urushlar emas, bekorchilar abgor qiladilar”, degan gap bor. Muvaffaqiyatli odamlar o‘z atroflariga mehnatkash, pozitiv ruhiyat egalarini, intiluvchan insonlarni to‘plashga, ana shundaylar bilan muloqot qilishga intilishadi. Ular atrofidagilarning eng yaxshi, eng kuchli, namunali bo‘lishi uchun ko‘mak berishadi.
Ular “ha!” deydiganlar tomon shoshadilar.
Shu o‘rinda bir hikoya yodimga tushdi. Bir guruh baqalar ko‘l sari sayr qilayotib, yo‘lda minoraga duch keldilar. Ulardan biri bu minoraga kaltakesakdek o‘rmalab chiqishga ahd qilibdi.
“Yo‘q! Buning iloji yo‘q! Biz baqamiz!” – baqirdilar boshqa baqalar. Ko‘p o‘tmay qolgan baqalar ham bu ishga urinib ko‘rishga ahd qildilar. Yana barcha bir ovozdan “Buning iloji yo‘q, axir biz baqalarmizku!” – deyishibdi. Mana shunday shovqin-suron orasida birgina baqa orqaga og‘ishmay, minora tepasiga o‘rmalay boshladi va maqsadiga erishdi. Nega? Qanday qilib?
Chunki u eshitmas ekan. Uning nazdida shovqin solayotgan hamrohlari uni qo‘llab-quvvatlayotgan va “Yashavor! Sen zo‘rsan! Sen buni uddalay olasan!” demoqda edilar.
O‘zini kuchli hisoblagan, ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan insonlarning qoidalari shunday ekan. Ehtimol, ular orasida o‘zingizdagi mavjud qarashlarni ham topgandirsiz?! Har holda o‘zini omadli sanaydigan har qanday odamda bu qoidalarning ayrimlari bo‘ladi. Qolganlarini o‘zlashtirish uchun esa hozir vaqtingiz bor. Axir, omadli odamlar aytishadiku: “Har ishni boshlash uchun eng yaxshi fursat – ayni lahzadir”.
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz | Mundarija
Post #4643
7.02K