#mulohaza_uchun
ULAR QANDAY G‘OLIB BO‘LDILAR (2-qism) 🤔
Ushbu maqolaning 1-qismi
Rahmat aytish
Atrofimizdagi odamlarning, biz e’tibor qilmaydigan hamkasblarimizning, yaqinlarimizning yonimizda ekanliklari ba’zida sezilmasa ham ular bizning muvaffaqiyatimiz uchun xizmat qilayotgan bo‘ladilar. Taqdir misoli zanjir! Ota-onangiz, turmush o‘rtog‘ingiz, hamkasblaringiz, do‘stlaringiz, hamkorlaringizga tez-tez minnatdorchilik bildirib turing. Bu odat o‘zaro rishtalarni mustahkamlaydi.
Xokisorlik
Microsoft kompaniyasi asoschisi Bill Geytsning aytishicha, muvaffaqiyat yaxshi ustoz bo‘la olmaydi. U ko‘pincha insonni takabbur qilib qo‘yadi.
Birovni nazar-pisand qilmaslik – muvaffaqiyat yo‘lini to‘sib turadigan bosh omil. Xokisor va shikastnafas, tavozeli odamga barcha eshiklar ochiladi. Bu odat o‘z ekasining halol, diyonatli ekanini anglatadi. Barchaga teng munosabatda bo‘ling. Takabburlik qanchalar baland bo‘lsa, muvaffaqiyatsizlikka duchor bo‘lish darajasi ham shu qadar yuqori bo‘ladi. Taniqli adib Robindranat Tagor aytgani kabi, eshikni muloyimlik bilan taqillatishni o‘ylagan insonga eshiklar doimo ochiq.
To‘g‘ri, ba’zida ilmli, ziyoli insonlarda ham takabburlikka o‘xshash fe’lga guvoh bo‘lamiz. Aslida bunday insonlarning qalblarida boshqa – xokisor qiyofa yashiringan bo‘ladi. Ular o‘z qadr-qimmatlarini g‘urur bilan himoya qilmoqchi bo‘ladilar. Ulardagi asl qiyofani kashf qilish va ular bilan do‘st bo‘lish uchun hayotimizdagi o‘rinlarini anglab yetishlariga yordam berishimiz kerak.
O‘zgarish
“O‘zgarish – o‘rganishning mevasidir”, degan gapda jon bor. Dunyoni ko‘rish uchun avvalo o‘zgarish kerak. Hayot ham muntazam yangilanishlar bilan go‘zal. Hayot qonuniga ko‘ra, atrofimizdagi odamlar, narsalar, lahzalar, hislar, vaziyat muntazam o‘zgaradi. Shunday payt bo‘ladiki, moslashish eng yaxshi choraga aylanadi. Albert Eynshteyn aytgani kabi, muammoni uni yuzaga keltirgan tafakkur bilan hal qilib bo‘lmagani bois, ba’zida evrilish va qarashlarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Unutmang, bugun biz tashlayotgan qadam – kelajak ibtidosidir. Kelajak esa yangilanish, o‘zgarish bilan ahamiyatli.
Qaror qabul qilishda ikkilanmang
Qaror-tanlovlar – hayotning mohiyati, biz aslida o‘z qarorlarimizning natijasimiz. Ikkilanish o‘z xohishini bilmaslikdan yuzaga keladi. Bu ko‘pincha noqulay vaziyatga sababchi bo‘ladi. Tushlikda nima yeyishga uzoq vaqt bosh qotirgan odam hayotdagi muhim qarorlarni qabul qilishga ham qiynaladi. Qaror qabul qila olmagandan ko‘ra, xato bo‘lsa ham, o‘z vaqtida qaror qabul qilgan yaxshi. Hech bo‘lmasa xatodan to‘g‘ri xulosa chiqarish uchun.
Zarur vaziyatda “yo‘q” deya oling
O‘z o‘rnida aytilgan “yo‘q” sizni ham, bu javobni olgan kishini ham muqarrar ko‘ngilsizliklardan himoya qiladi. Nomunosib odamga aytilgan “yo‘q” – munosib odam uchun imkon eshigini ochadi. Unutmang, o‘zingizni sharhlamay turib, doimo “YO‘Q” deyish huquqingiz bo‘ladi. Dilingizdagi doimo tilingizda bo‘lsin.
Xayrixohlik va hurmat ko‘rsatish
Bugun xayrixohlik anqoning urug‘iga aylanib qoldi. Shu bois bo‘lsa kerak, odamlar o‘rtasida o‘zaro hurmat ham kamayib qolgandek. Odamlarga hurmat ularni tushunishga, ular haqida shoshilinch xulosa chiqarmaslikka xizmat qiladi. Bu odat sizga odamlar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni o‘rgatadi. Muvaffaqiyat oxir-oqibat sizdagi odamlarning ko‘ngliga yo‘l topa olish qobiliyati bilan hisoblashadi. Mohir jang san’ati ustasi Bryus Li aytgani kabi, bilim sizga kuch va ishonch bersa, fe’l-atvoringiz hurmat keltiradi.
O‘z-o‘zini boshqara olish
Yuqorida ham ta’kidlagan edim: insonning eng ulkan janggi o‘zi bilan kechadi. Jahlni tiyish, g‘azabni jilovlash insonning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi. Xitoy faylasufi Lao szi aytganidek, boshqalarni boshqarish – kuch, o‘z-o‘zini boshqarish – qudratdir.
Post #3295
4.55K