#mulohaza_uchun
ULAR QANDAY G‘OLIB BO‘LDILAR (1-qism) 🤔
Bir kunda muvaffaqiyatli bo‘lishning imkoni yo‘q. Omad esa boshqa narsa. Shubhasiz, muvaffaqiyat – qattiq mehnat samarasi. Ammo mehnatning o‘zi kifoya qilganida tinim bilmas eshak dunyodagi eng muvaffaqiyatli jonzot bo‘lishi kerak edi. Muvaffaqiyatli bo‘lishning ham o‘z sirlari bor.
Savol tug‘iladi: g‘olib insonlarni g‘alabaga boshlagan, og‘ir damlarda ilhomlantirgan kuch nima edi? Ularning hayot yo‘llarini sinchiklab o‘rganib chiqsak, umumiy jihatlarni ko‘rishimiz mumkin.
Maqsadli harakat va uni sevish
Maqsad qanchalar aniq bo‘lsa, unga yetish ham shu qadar oson kechadi. O‘zimiz qilayotgan ishga mehr qo‘yish esa muvaffaqiyatga yanada tezroq yetishimizga xizmat qiladi. Aslida qancha harakat qilganimiz emas, to‘g‘ri yo‘lda harakat qilayotganimiz va unga qanchalar jiddiy yondashishimiz muhim. Unutmang: noto‘g‘ri tanlangan maqsad va ish – bir umrlik dushman.
Xato va kamchiligingizni yon-atrofdagilardan so‘rang
Har doim muvaffaqiyatsizligingizning omillarini aniqlang, ya’ni qilgan xatolaringizni topib, ojiz nuqtangizni biling. Ko‘pchiligimiz bunday vaziyatda boshqalardan shubha qilamiz, ularni o‘zimizga dushman hisoblaymiz va nafratlanamiz yoki nuqul aybdorlarni izlaymiz. Bunday vaziyatda bahoni his-tuyg‘ular emas, aqlimiz berishi kerak. Taniqli tadbirkor Bill Geyts aytgani kabi, barchamiz bizga aslida qanday odam ekanligimizni aytadigan do‘stlarga muhtojmiz. Ular bizga o‘z ustimizda ishlashimiz uchun kerak.
Jamoa bilan ishlash
Agar biz siz bilan qo‘limizdagi olmalarni almashsak, har birimizda bittadan olma bo‘ladi. Agar biz o‘zimizdagi innovatsion g‘oyalarni o‘rtoqlashsak, har birimizda 2 tadan g‘oya bo‘ladi. Bu – jamoa bo‘lib ishlashning afzal tomoni.
Biror muvaffaqiyatli odamdan so‘rasangiz, muvaffaqiyatining omillari qatorida jamoa bilan ishlashning ahamiyatini ham ta’kidlaydi. “Maslahatli osh tarqamas” yoki “Ko‘pdan quyon qochib qutulmas” kabi naqllarda hikmat bor. Hamkasblarni hurmat qilish, ish yuzasidan fikr almashish, ularga yordam berishga odatlanish kerak. Bu odat insonning oilaviy hayotiga ham ta’sir o‘tkazadi. Mashhur tadbirkor Genri Ford aytgani kabi, agar jamoa birgalikda harakatlansa, muvaffaqiyatsizlik ham o‘zi haqida qayg‘urib qoladi.
Muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng oyoqqa turish
Muvaffaqiyat yetti marta yiqilib, sakkiz marta oyoqqa turish degani. Oyoqqa turishni o‘rganish uchun esa yiqilish kerak bo‘ladi. Har bir omadsizlik saboq bo‘lsin. Shuni anglasak, yanada kuchli, irodali bo‘lib boramiz. Janubiy Afrika Respublikasining yetakchisi, taniqli siyosiy arbob Nelson Mandela aytgani kabi, odamga uning muvaffaqiyati bilan emas, necha marta yiqilib, necha marotaba yana oyoqqa turganiga qarab baho berish kerak.
Chin dildan kechirim so‘rash
Ba’zida uzr so‘rash eng mushkul ishga o‘xshab ko‘rinadi. Vaziyatdan chiqib ketish uchun uzr so‘ramoqlik eng yaxshi imkon. Ammo u samimiy bo‘lmasa, vaziyatni yanada chigallashtiradi. Kimnidir xatoingiz bilan xafa qilsangiz, u insonga boshqa bunga yo‘l qo‘ymasligingiz haqida gapiring. Hindiston ozodlik yo‘lboshchisi Mahatma Gandining fikricha, ojizlar kechirishni bilmaydilar. Binobarin, kechirimlilik – kuchlilarga xos fazilat.
Ushbu maqolaning 2-qismi
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz
Post #3290
5.14K