#mulohaza_uchun
ULKAN MUVAFFAQIYAT – KATTA MUVAFFAQIYATSIZLIK MEVASI (1-qism) 🤔
Hayot mo‘jizalarga boy. Aks holda oddiy, omadsiz bolalik sohiblaridan buyuk va yetakchi insonlar yetishib chiqmagan bo‘lar edi. Inson harakat qilsa, o‘ziga munosib umrga erishadi.
Muvaffaqiyatga erishish istagida bo‘lganlar muvaffaqiyatsizliklari sonini ikki barobarga oshirsinlar, degan edi donishmandlardan biri. Yuqorida qayd etganimdek, tarixga diqqat bilan nazar solsangiz, barcha buyuk hikoyalar tagzaminida aslida katta yo‘qotishlar, mag‘lubiyatli davrlar turgan bo‘ladi. Biroq muvaffaqiyatli insonlar bu bo‘hronlar qurshovida qolib ketmaydilar.
Quyida avvaliga omadsiz yoki bilimsiz, deb hisoblangan, ammo keyinchalik jamiyatning va jahonning nufuzli insonlariga aylangan shaxslarning hayotlaridan qisqa lavhalarni o‘qishni tavsiya qilaman.
Harland Devid Sanders. KFC kompaniyasining ramzida bu insonning qiyofasini ko‘p ko‘rganmiz. Bu chol har gal bizni “Kentucky Fried Chicken” kompaniyasining mazali, qovurilgan jo‘jasini ishtaha bilan yeyishga taklif etadi. 1890 yilda tug‘ilgan Harland Devid Sanders 6 yoshida otasidan ayriladi. O‘gay ota uni akalariga qo‘shib boshqa shaharga badarg‘a qiladi. Yoshligidanoq pazandalikka qiziqishi yuqori bo‘lgan Sanders 1939 yilda 11 xil giyoh va ziravor yordamida jo‘ja qovurishning yangi usulini kashf qiladi. 1950-yillarda bu Kentukkidagi eng mashhur taomga aylanadi. Bugungi kunda KFC restoranining 118 davlatda jami 20 mingga yaqin shohobchalari bor. Ularning peshtoqini Sandersning tabassum qilib tushgan surati bezab turibdi.
Stiven Spilberg. U Janubiy Kaliforniya kinofilm universitetiga kirishni doim orzu qilardi. Biroq 12 yoshida 8 daqiqali film yaratgan Stiven yuqori maktabda olgan past baholari tufayli uch marta ketma-ket urinib ham bu o‘quv yurtiga kira olmadi. Keyin hammasini tashlab, rejissyorlikka qo‘l urdi. O‘n ikki marotaba “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi film uchun” nominatsiyasida taqdirlangan ijodkorlarning bugungi muvaffaqiyatlaridan o‘zingiz boxabarsiz. Bir vaqtlar uni qabul qilmagan universitet 1994 yilda Stivenga faxriy diplom berdi. 1996 yilda esa rejissyor bu universitetni otaliqqa oldi.
Soichiro Honda. U temirchining o‘g‘li, “yaponiyalik Genri Ford”. Soichiro bolaligidan otasiga qarashib katta bo‘ldi. Ota-bola birgalashib mototsikllarni tuzatishardi. O‘n besh yoshida uyidan chiqib, Tokioga yo‘l oladi. Soichiro Honda ish izlab Toyota kompaniyasiga kelganida uni ishga olishmagan. Urilib-surilib yashalgan umr, haqorat va tahqiromuz o‘tgan yillardan so‘ng, Soichiro 22 yoshida o‘zining ilk avtomobil ta’mirlash ustaxonasiga asos soladi. Kunlarning birida u mototsikl yasay boshlagan. Bir fursat o‘tib, mehnat va mashaqqat bilan o‘tgan kunlar va tunlar evaziga Soichiro Honda o‘zining “Honda Motor Co., Ltd.” kompaniyasiga asos soladi.
Uolt Disney. Gazetada ishlab yurganida muharrir uni ishdan haydab yuboradi. Unga tasavvurining rivojlanmagani, bu bilimi bilan hech qayerda ishlay olmasligi, bunaqa kalladan faqat puch g‘oyalar chiqishi mumkinligini aytishadi. Shunday bo‘lsa ham, Uolt Disney puch g‘oyalarga ishondi, o‘z kompaniyasiga asos solib, biznesda o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Ammo uning omadi kelmaydi. Uoltda umidsizlikka tushmaslik fazilati bor edi. Keyin u “Qorqiz” multfilmini suratga oldi. Nihoyat, bu ishi unga olamshumul nufuz olib keladi. Barchamiz uning kompaniyasi yaratgan ijodiy ishlarni yaxshi ko‘ramiz, bugungi yosh avlod ham yangi filmlardan ilhomlanib ulg‘aymoqda.
Ushbu maqolaning 2-qismi
📝 Manba: Shuhrat Sattorovning “Biz g‘alaba qozonamiz: muvaffaqiyat va munosib hayot sirlari” kitobi
“Kim neni izlasa, topgay begumon ...”
📖 Kanaldagi ushbu kitob bo‘yicha shu kunga qadar ulashilgan mavzulardan iborat mundarija ushbu postimizda.
👨🏻💻@itspecuz
Post #2707
3.52K