ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan Startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha direktori Farrux Erkinov va ASOCIO raisi Stan Singh-Jit o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri joriy yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan ASOCIO Digital & AI Awards 2026 bo‘ldi. ICT WEEK doirasidagi Startup & Venture Summit’da O‘zbekistondan 10 ta loyiha va kompaniya ASOCIO’ning mazkur mukofoti g‘olibi ekani e’lon qilingan edi.
Uchrashuv doirasida ushbu tadbirda mahalliy g‘olib startaplarimizning qatnashish tafsilotlari muhokama qilindi. Shuningdek, Stan Singh-Jit IT Park Uzbekistan’ni ASOCIO a’zoligiga qo‘shilgani bilan yana bir bor tabrikladi.
🌐 Tomonlar O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va IT Park Uzbekistan hamda ASOCIO o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Stan Singh-Jit O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar rivojiga davlat darajasida katta e’tibor qaratilayotganini alohida ta’kidladi. U hukumat sohani izchil qo‘llab-quvvatlayotganini qayd etdi va texnologik ekotizimni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.
🔗 Tomonlar hamkorlikning keyingi bosqichi sifatida O‘zbekistonda hamda Osiyo va Okeaniya mamlakatlarida qo‘shma tadbirlar tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
ASOCIO (Asian-Oceanian Computing Industry Organization) — Osiyo va Okeaniya bo‘ylab 25 ta assotsiatsiyani birlashtirgan AKT federatsiyasi, uning tarkibiga 29 000 dan ortiq AKT kompaniyasi kiradi. Ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlar iqtisodiyoti global YIMning qariyb 45 foizini tashkil etadi.
📈 ICT WEEK davomida ASOCIO raisi O‘zbekiston startap ekotizimi bilan ham yaqindan tanishdi. Jumladan, OX SYSTEM bilan uchrashib, keyingi muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi hamda Ilg‘or texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi.
@startupbaseuz
LinkedIn | Facebook | Instagram | Website



