2026-yil 17- oktabr. Investitsiya loyihalari nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishi, balki mahalliy korxonalar uchun ham yangi bozorlar ochishi va milliy iqtisodiyotda qo‘shilgan qiymatni oshirishga xizmat qilishi kerak. Buning uchun investorlar ehtiyojini mahalliy ishlab chiqaruvchilar salohiyati bilan bog‘lash, davlat xaridlarida mahalliy mahsulotlar ishtirokini kengaytirish va samarali kooperatsiya zanjirlarini shakllantirish muhim.
Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligida 12–17-oktabr kunlari vazirlik va idoralar, tarmoq korxonalari hamda hududiy tashkilotlarning 38 nafar mutaxassisi ishtirokida maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
O‘quv dasturi doirasida investitsiya loyihalarida mahalliy kontent ulushini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni aniqlash, mahalliylashtirish loyihalarini shakllantirish va ularning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalari o‘rganildi.
Shuningdek, yirik buyurtmachilar ehtiyojlarini aniqlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ta’minot zanjirlariga jalb qilish, kafolatlangan xarid mexanizmlaridan foydalanish hamda davlat xaridlarida ochiqlik va sog‘lom raqobatni ta’minlashga oid amaliy yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Treningning asosiy maqsadi — investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlarini o‘zaro bog‘liq yagona iqtisodiy tizim sifatida samarali tashkil eta oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash.
Bu yondashuv mahalliy korxonalarning yirik investitsiya loyihalaridagi ishtirokini kengaytirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va mamlakatimizda qo‘shilgan qiymatni oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. O'quv dasturi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
✔️Seminar-trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-fevraldagi PF–17-son Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etildi.
🌍Veb-sayt 🔹Telegram 🔹Instagram 🔹Facebook 📹Youtube X 🔹Linkedin



