O‘zbekiston gaz ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishda Yaponiya bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
O‘zbekiston gaz ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish va uning texnik imkoniyatlarini kengaytirish borasida Yaponiya bilan hamkorlik izchil davom etmoqda. “Hududgazta’minot” AJ hamda Yaponiyaning “ITO Corporation” kompaniyasi o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik doirasida navbatdagi muhim loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida joriy yilda Yaponiya tomoni tomonidan umumiy qiymati 3 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 90 ta zamonaviy gaz taqsimlash punkti (GTP)ni O‘zbekistonga grant asosida taqdim etish rejalashtirilgan.
Ayni paytda mutaxassislar GTP o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan hududlarni joyiga chiqqan holda o‘rganmoqda. Bunda mavjud gaz tarmoqlarining texnik holati, qurilmalarni joylashtirish imkoniyatlari hamda ularni xavfsiz foydalanishga topshirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqilmoqda. Yaponiyalik hamkorlar bilan yangi uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha texnik talablar va zarur tavsiyalar ham muhokama qilinib, kelishib olinmoqda.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi hududlarda gaz bosimini me’yorlashtirish, ta’minot tizimining ishonchliligini oshirish va energiya resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Eng muhimi, zamonaviy GTP larning joriy etilishi iste’molchilarni tabiiy gaz bilan barqaror va xavfsiz ta’minlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ushbu hamkorlik ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va xalqaro tajribani mamlakatimiz gaz ta’minoti tizimiga tatbiq etishning amaliy namunalaridan biridir.
💬Facebook |👉Telegram |▶️ YouTube |📷Instagram |📱 X |🌐 hududgaz.uz
Post #10839
273









