Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O. Choriyev hududda faoliyat yuritayotgan yirik korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlari, investitsiya loyihalari va tashqi iqtisodiy faoliyati bilan tanishdi.
Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan “Vosun Food Ingredients Qarshi” MChJ faoliyati o‘rganildi. Korxonada yiliga 250 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish va uni to‘liq eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Loyiha doirasida Rossiya va boshqa MDH davlatlariga 30 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilish, davlat budjetiga 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish hamda 180 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ishga ixtisoslashgan “Qashqadaryo World Agriculture” MChJ faoliyati bilan tanishildi. Korxonada yiliga 400 dona yuqori unumli traktor hamda turli qishloq xo‘jaligi agregatlarini yig‘ish imkonini beruvchi, qiymati 4 million AQSH dollariga teng uskunalar o‘rnatilgan. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida davlat budjetiga 90 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Korxonaning 2026-yil davomida 10 392 tonna tovar import qilgani, ushbu operatsiyalar doirasida 116,8 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilgani va 169,3 milliard so‘m bojxona to‘lovlari undirilgani qayd etildi.
O’rganish davomida “Sulton Tex Group” MChJ xorijiy korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Mato, tayyor kiyim-kechak, gigiyena vositalari va tibbiyot momig‘i ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonada qiymati 30 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida yiliga 19,3 ming tonna mato ishlab chiqarish va uni bo‘yash imkonini beruvchi uskunalar o‘rnatilgan.
Loyiha to‘liq ishga tushirilishi natijasida Polsha, Belgiya, Litva, Turkiya, Rossiya va Afg‘oniston kabi davlatlarga 90 million AQSH dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilish hamda davlat budjetiga 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.
2026-yil davomida mazkur korxonaga 6,6 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilib, 4,7 milliard so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan.
Korxonalar vakillari bilan muloqotlarda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, bojxona rasmiylashtiruvi tartib-taomillarini soddalashtirish hamda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkorlarning taklif va murojaatlari tinglanib, mavjud muammolar yuzasidan fikr almashildi.
O. Choriyev bojxona organlari tomonidan investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar uchun qulay va shaffof shart-sharoitlar yaratish hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini ta’kidladi.









