Bojxona qo‘mitasining tezkor xodimlari tomonidan qariyb 260 gramm “gashish”ning yashirin aylanishiga chek qo‘yildi
Qoʻmitaning Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi navbatdagi jinoyat fosh etildi.
Tezkor maʼlumotlarga asosan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi transport vositasi Toshkent viloyatida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi. Tekshiruv jarayonida transport vositasining yukxonasidagi kiyim yuvish geli idishi ichiga yashirilgan holda saqlangan toʻq jigarrangli, oʻtkir hidli modda aniqlandi.
Bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan oʻtkazilgan ekspertiza xulosasiga koʻra, olib qoʻyilgan modda sof vazni qariyb 160 grammni tashkil etgan “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi tasdiqlandi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida mazkur giyohvandlik vositasini yetkazib bergan shaxs ham aniqlandi.
U Toshkent viloyati Ohangaron tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qoʻlga olindi. Ushbu shaxsning koʻrsatmalari asosida Andijon viloyatidan giyohvandlik vositalarini olib kelgan sherigi Angren shahrida qoʻlga olinib, undan yana bir oʻram giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.
Ekspertiza xulosasiga koʻra, mazkur modda sof vazni 97 grammdan ziyodni tashkil etgan “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.
Mazkur holatda qoʻlga olingan shaxslardan biri bundan 10 yil muqaddam giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan. Dastlabki tahlillarga koʻra, u shu vaqtga qadar 10 kilogrammdan 20 kilogrammgacha giyohvandlik vositalarini muomalaga kiritgan boʻlishi mumkin. Uning jinoiy sherigi esa avval oʻgʻrilik jinoyati sodir etgani uchun sudlangan boʻlib, soʻnggi 5 yil ichida taxminan 5 kilogramm giyohvandlik vositalarini sotgani taxmin qilinmoqda.
Gumon qilinuvchilardan ashyoviy dalil tariqasida olib qoʻyilgan 260 grammga yaqin “gashish” giyohvandlik vositasi hisob-kitoblarga koʻra, salkam 1800 ta dozani tashkil etadi. Bu esa yuzlab insonlarning, xususan, yoshlarning sogʻligʻiga jiddiy xavf solishi mumkin boʻlgan katta miqdordagi giyohvandlik vositalarining oʻz vaqtida toʻxtatib qolinganini koʻrsatadi.
Natijada, jamiyatda narkotik tahdidlarni keltirib chiqaruvchi manba – mazkur ikki shaxsning atrofdagilarga yetkazishi mumkin boʻlgan katta ijtimoiy zararining oldi olindi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Bojxona qoʻmitasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






