Qorako‘l tumanida yoshlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida tuman hokimi hamda Ichki ishlar bo‘limi rahbariyati ishtirokida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv ochiq va samimiy muloqot ruhida kechdi. Unda yoshlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar, ish bilan ta’minlanish, o‘zini o‘zi band qilish, ta’lim olish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq murojaatlarini bildirishdi. Shu bilan birga, yoshlarni turli yot g‘oyalar va salbiy illatlar ta’siridan asrash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan istiqbolli takliflar ham o‘rtaga tashlandi.
Tuman hokimi, prokuratura va IIB mutasaddilari har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ko‘tarilgan masalalarni tegishli idoralar vakillari bilan birgalikda muhokama qildi. Ayniqsa, probatsiya nazoratida turgan hamda profilaktik hisobga olingan yoshlarning ijtimoiy hayotga moslashuvi, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash masalalari chuqur tahlil qilinib, tegishli choralar belgilandi.
Muloqot davomida mas’ul tashkilot rahbarlari, tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi xodimlari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilariga bildirilgan murojaatlarni qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish, muammoli yoshlar bilan manzilli ishlash va murojaatlar yechimi yuzasidan amaliy choralar ko‘rish bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Ta’kidlash joizki, huquq-tartibot idoralari va hokimlik hamkorligida o‘tkazilayotgan bunday ochiq muloqotlar yoshlarning hayotiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda qonunga hurmat ruhini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, yoshlarning dardi va tashabbusiga quloq tutish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun xavfsiz hamda munosib sharoitlarni yaratish — tuman taraqqiyoti va jinoyatchilikdan xoli kelajakning mustahkam poydevoridir.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube









