Bugungi kunda ta’lim tizimida pedagoglarning kasbiy mahoratini yuksaltirish, bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy talablar asosida baholash hamda o‘quv jarayoni samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’lim muassasalarining belgilangan mezonlarga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash muhim vazifalardan sanaladi. Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Buxoro akademik litseyida akkreditatsiya jarayonlari tashkil etildi.🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
O‘rta maxsus ta’lim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan o‘tkazish uch bosqichda amalga oshirildi:
Birinchi bosqichda: barcha kerakli hujjatlar maxsus onlayn platformaga yuklandi;
Ikkinchi bosqichda: taqdim etilgan elektron ma’lumotlar ekspertlar tomonidan sinchiklab o‘rganib chiqildi;
Uchinchi bosqichda: mutaxassislar bevosita ta’lim muassasasiga tashrif buyurgan holda tashqi baholash jarayonlarini o‘tkazishdi.
Jarayon davomida ta’lim sifatini belgilovchi bir qator muhim mezon va indikatorlar chuqur tahlil qilindi. Xususan, tashkiliy-boshqaruv va sifatni ta’minlash, ta’lim dasturlari, o‘quv jarayonini tashkil etish va natijalarni baholash, o‘quvchilar faoliyati, inson resurslari hamda muassasaning moddiy-texnik ta’minoti yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.
O‘rganishlar doirasida akademik litseyning so‘nggi 3 yillik ish tajribasi va tegishli hujjatlari ko‘zdan kechirildi. Attestatsiya davomida ta’lim-tarbiya muhiti, o‘quv-uslubiy ishlar, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyati hamda o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, mashg‘ulotlarning zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalari asosida tashkil etilishi, bilimni baholash tizimining shaffofligi hamda o‘quvchilarning fan olimpiadalari, turli tanlovlar va intellektual tadbirlardagi ishtirokiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda akademik litsey o‘quvchilari va o‘qituvchilari ishtirokida anonim so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda ta’lim sifatining tashkil etilishi, moddiy-texnik baza bilan ta’minlanganlik darajasi va baholashga yondashuvning xolisligi tekshirilib, pedagoglar hamda o‘quvchilarning tizimni yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalari qabul qilindi.
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube









