O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi tomonidan Buxoro viloyatining Jondor tumanida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta'minlash hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganildi.
Xususan, 2026-yil davomida jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshib, "qizil" toifaga tushib qolgan tumanidagi "Obod" hamda "Qorovul" mahallalaridagi vaziyatga alohida e'tibor qaratildi. Ishchi guruh tomonidan ushbu hududlarda sodir etilgan har bir jinoyatning kelib chiqish sabablari, ularga imkon bergan shart-sharoitlar hamda ijtimoiy muammolar hudud faollari va mahalla yettiligi ishtirokida chuqur tahlil qilindi. O‘rganishlar natijasida profilaktika inspektorlarining aholi bilan ishlashdagi kamchiliklari ko‘rsatib o‘tilib, kelgusida jinoyatchilikni jilovlash va hududlarni "yashil" toifaga o‘tkazish bo‘yicha manzilli hamda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, o‘rganishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4-sentabrdagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash faoliyatiga yangicha ishlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-314-son qarori ijrosi ham qat'iy nazoratdan o‘tkazildi. Mazkur qaror talablari asosida tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan jamoat xavfsizligini ta'minlashda joriy etilayotgan yangicha ishlash tizimi, xodimlarning kundalik xizmat faoliyati hamda axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasi ko‘zdan kechirildi.
Tadbirlar yakunida mas'ul rahbarlar va shaxsiy tarkibga yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarni bartaraf etish, xizmat intizomi va qonunchilikka qat'iy amal qilish, shuningdek, fuqarolar osoyishtaligini ta'minlashda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube






