O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mehnat sohasida xavfsiz va hurmatga asoslangan ish muhitini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ–345-son qarori mazmun-mohiyati va uning ijrosini samarali tashkil etish masalalariga oid, inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari (HR) xodimlariga mo'ljallangan vebinar (Zoom platformasi orqali) o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Boshqaruv samaradorligi agentligi, ekspertlar, shuningdek, hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlari, ularning tizim tashkilotlari inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari, jami 300 nafar xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Qarorda belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyatini tushuntirish, davlat organlari va tashkilotlarida yangi joriy etilayotgan Dasturni samarali tatbiq etish bo‘yicha yagona yondashuvlarni shakllantirish hamda mas’ul xodimlarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
Vebinar davomida ekspertlar tomonidan Qarorning asosiy yo‘nalishlari, mehnat munosabatlarida xavfsizlik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlash, xodimlarni tazyiq va zo‘ravonlikning turli ko‘rinishlaridan himoya qilish, bunday holatlarning oldini olish hamda ularga nisbatan samarali choralarni ko‘rishga qaratilgan yangi Dasturning mazmuni va imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ishtirokchilarning savollariga ekspertlar tomonidan atroflicha javob va amaliy tushuntirishlar berilib, Dasturni davlat organlari va tashkilotlarida joriy etish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Mazkur vebinar davlat tashkilotlarida sog‘lom, xavfsiz va o‘zaro hurmatga asoslangan mehnat muhitini shakllantirish, xodimlarning huquqlari va qadr-qimmatini himoya qilish, shuningdek, inson resurslarini boshqarishda zamonaviy va samarali yondashuvlarni keng joriy etish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘ldi.
👍Bugungi vebinar davomida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar ishlab chiqilayotgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi hamda mexanizmlarni takomillashtirishda foydalaniladi.
Belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi har bir xodim o‘zini qadrlangan, himoyalangan va jamoaning teng huquqli a’zosi sifatida his etadigan mehnat muhitini yaratishga, pirovardida esa davlat xizmatining samaradorligi va institutsional madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Rasmiy sahifalarimiz
Veb-sayt|Telegram|Facebook|Instagram|You Tube|X|in|WiKi|Aloqa



