Bugun turnir jadvali “ochila” boshlaydiTo‘rt tur ortda qoldi. Hozir bir emas, sakkiz jamoa maksimal 8 ochko bilan peshqadamlar safida turibdi: Xitoy, O‘zbekiston, Germaniya, Armaniston, Hindiston, AQSh, Niderlandiya va Vengriya.
Yanada qizig‘i, bugun ularning barchasi bir-biri bilan o‘ynayapti:
🇺🇿 O‘zbekiston – 🇭🇺 Vengriya
🇩🇪 Germaniya – 🇺🇸 AQSh
🇮🇳 Hindiston – 🇳🇱 Niderlandiya
🇨🇳 Xitoy – 🇦🇲 Armaniston
Demak, bugun sakkizta peshqadamning o‘zi bir-biridan ochko tortib oladi.
Ayniqsa AQSh – Germaniya bahsi qiziq.
AQSh turnirning reyting bo‘yicha 1-raqamli jamoasi – o‘rtacha 2753.
Hindiston – 2735,
O‘zbekiston – 2720. Reyting bo‘yicha dastlabki uchlikning ikkitasi biz bilan bir xil 8 ochkoda turibdi.
Lekin reytingning o‘zi hali hech narsani hal qilmaydi. Masalan, AQSh kecha Ukrainani 3,5:0,5 hisobida yengdi. Wesley So hozircha 3 ta o‘yindan 3 ochko olgan. Hindistonda esa boshqa taktika ishlayapti: Nihal Sarin va 4-taxtadagi Gukeshning har ikkisida 4 o‘yindan 3,5 ochko bor.
Ya’ni ikki xil modelni ko‘ryapmiz: AQShda kuch to‘rtta taxtaga juda tekis yoyilgan, Hindiston esa pastki taxtalarda ham juda katta kuch saqlab turibdi.
O‘zimiznikilarda ham raqamlar yaxshi. To‘rt turda 16 ta partiyadan 13 ochko jamlangan. Xitoyda – 13,5, Germaniyada – 12,5, AQShda – 12, Hindistonda – 11,5, Niderlandiyada – 11.
Demak, faqat jamoaviy hisobda emas, alohida taxtalardagi natijalarda ham yuqoridamiz. Hozircha bu ko‘rsatkichda bizdan oldinda faqat Xitoy.
Bugun bir ko‘zimiz O‘zbekiston – Vengriya o‘yinida bo‘lsa, ikkinchisi bilan qolgan peshqadamlarni kuzatishga to‘g‘ri keladi. 11 turli Olimpiadaning hali yarmiga ham kelmadik. Ammo bugungi 5-turdan keyin kimlar yuqorida qolish uchun jiddiy kurashayotgani ancha ravshanlashadi.
Biz uchun esa eng katta hayajon, albatta, o‘z jamoalarimizning o‘yinlarida. Bugungi bahslarda barcha jamoamizga zafar tilaymiz!@alisher_sadullaev