Bir hafta oldin Elmakondan MI Scooter Pro 2 sotib oldim, oradan hech qancha vaqt o'tmadi, ammo taasurotlarim bilan bo'lishgim keldi.
Uydan ishga, o'qishga borish doim metro va avtobusda qulay bo'lmagani uchun velosiped yoki elektrosamokat (skuter) olishni reja qilgan edim. Internetda reviewlarni o'qib oxiri samokat olishga qaror qildim.
Samokat 3 xil rejimda yuradi. Eco, Drive, Sport. Birinchi rejimda 5 km/soatgacha, ikkinchisida 20 km/soatgacha, sportda 25 km/soatgacha chiqadi. Joyidan qozg'alishi, yurishi, tezligi juda yoqdi (agar 25 kamlik qilsa firmware qilib 30-35gacha ko'tarsa bo'larkan, men tavakkal qilgim kelmadi). Tormoziga gap bo'lishi mumkinmas, 25 km tezlik bilan tormoz bosib o'lchab ko'rdim, tormoz yo'lim 5 metrga bormadi.
Shahar ichida uzoq yo'llarga bemalol yursa bo'ladi, 100% zaryad olishiga 5-6 soat ketadi, to'la zaryad bilan 40-45 kmgacha yurib beradi. Eng uzoq yurganim bir kunda 35 km bo'ldi. Samokat yig'iladi, metroga bemalol olib tushyabman, o'zimga kerakli bekatda to'xtab yo'limda davom etaveraman.
Xavfsizlikka keladigan bo'lsak, velosiped qulfi bilan qulflasa bo'ladi, yoki APP orqali motorini o'chirib qo'yish mumkin, lekin magazin, kafe, ofisga olib kirishimga hali hech kim qarshilik qilmadi, doim o'zim bilan olib yuribman.
Menga sezilgan eng katta kamchiligi - amortizator yo'qligi bo'ldi. Shahar yo'llari tekkismas, chuqurlarga ko'p tushyabman. Yana bir kamchilik, shaharda velosiped uchun yo'laklar kam, bor yo'laklarni piyodalar egallab yurishadi, yo'l berishmaydi (doim asabni buzadi), shuning uchun mashina yo'liga chiqishga majbur bo'lyabman.
Umuman olganda, samokat yoqdi. Cho'ntakkayam foyda keltirishni boshladi, 1 haftada 100 kmdan ko'p yo'lni bosib qo'yibman, shu yo'lni taksiga hisoblab ko'rsam ancha pul ketib qolarkan. Eng yoqimli hissiyot probkada turgan mashinalarni oldidan o'tib ketish bo'lyapti :)
Shaharda velosiped va samokatlar uchun ko'proq yo'llar, parkovkalar bo'lsa yaxshi bo'lardi. Atrof-muhitga zararli bo'lgan mashinalardan iloji boricha voz kechish kerak.
@mabrur_dev